11:42 (29.03.2024)

328

Qanday mahsulotlar kuchli allergen hisoblanadi?

Oziq-ovqat allergiyasi mahsulotlar tarkibidagi oqsil va oqisilsimon moddalar taʼsirida vujudga keladi. Masalan, bolalarda kasallik koʼpincha onaning homiladorlik yoki emizikli davrida notoʼgʼri ovqatlanishi sababli rivojlanadi. Chaqaloq sunʼiy aralashmalar bilan oziqlantirilsa, chala tugʼilsa yoki oshqozon-ichak, oʼt, jigar kasalliklaridan aziyat cheksa ham, oziq-ovqat allergiyasi yuzaga kelishi mumkin.

Qolaversa, bolalar sevib isteʼmol qiladigan sigir suti — kuchli allergiya qoʼzgʼatuvchi mahsulot. Tarkibida f2, Bos d 4, Bos d 5, Bos d 6, Bos d 8, Bos d 9, Bos d 10, Bos d 11, Bos d 12 allergenlari mavjud. Ularga 5-6 yoshgacha boʼlgan oʼgʼil-qizlarda allergiya kuzatiladi.

Tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U ovalbumin, ovomueoid, ovotransferrin va ovomutsin oqsillar guruhlarini oʼz ichiga oladi. Bu moddalar molekulyar darajada oʼrganilganda, Gal d1, Gal d2, ovomukoid, Gal d3, Gal d4 allergenlari reaktsiyalarni yuzaga keltirishi maʼlum boʼldi.

Baliq — kuchli antigen. Uning goʼshtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Molekulyar darajadagi oʼrganishlar uning tarkibida Cyp c1, Gad c 1, Gad m 1 allergenlari borligini tasdiqladi.

Bugʼdoy va soya ham baʼzida allergik reaktsiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, soya tarkibini molekulyar darajada oʼrganish natijasida uning tarkibida Gly m 1, Gly m 5, Gly m 6 allergenlari mavjudligi aniqlandi.

Goʼsht mahsulotlari orasida esa parranda goʼshti boshqalariga nisbatan koʼproq antigen xususiyatga ega.

Sitrus mevalar, qulupnay va yertut ham koʼproq allergiya qoʼzgʼaydi. Yongʼoqqa allergiyasi boʼlganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham taʼsirchan boʼladi.

Kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab boʼluvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi yeryongʼoqdir. Bu mahsulot koʼp hollarda anafilaktik reaktsiyani keltirib chiqaradi. Undan soʼng turli xil yongʼoqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchi mahsulotlar roʼyxatidan joy olgan.

Аllergiyaning asl sababi immunitetning genetik darajada buzilishi hisoblanib, u nasl suradi yoki favqulodda paydo boʼladi.

Ilmira Razikova, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech