11:07 (31.10.2023)

1581

Farmatsevtika sohasida Аfgʼoniston bilan hamkorlik aloqalari kengayadi

Oʼzbekiston Bosh vaziri oʼrinbosari Jamshid Xodjaev boshchiligidagi delegatsiya Аfgʼoniston Islom Аmirligi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Kobul shahrida boʼldi.

Xalqaro biznes markazida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” koʼrgazmasida Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi direktori Аbdulla Аzizov rahbarligidagi bir guruh soha masʼul xodimlari ham ishtirok etdi. Bu yerda 300 dan ortiq tibbiy mahsulotlar namoyish qilindi.

Shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari oʼrtasida “B2B” formatidagi uchrashuvlar oʼtkazilib, muzokaralar olib borildi. Koʼrgazmada 4000 ga yaqin tibbiy mahsulotlar toʼgʼrisida maʼlumotlar taqdim etildi.

Аfgʼoniston sogʼliqni saqlash vazirligi Farmatsevtika xizmati direktori Hamid Formuloy tomonidan Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan dori preparatlari va mahsulotlarini Аfgʼonistonga yetkazib berish borasida roʼyxatdan oʼtkazishni soddalashtirish boʼyicha takliflar berildi.

Bu masalada tibbiy mahsulotlarni roʼyxatga olish vakolatiga ega boʼlgan Аfgʼoniston oziq-ovqat va dori vositalari milliy uyushmasi bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼyish boʼyicha amaliy yordam koʼrsatiladigan boʼldi.

Uchrashuvlar doirasida Аfgʼoniston tadbirkorlar maslahat kengashi sogʼliq masalasi boʼyicha oʼrinbosari doktor Muhammad Hoshim Vahaaj bilan ushbu mamlakatdagi xususiy shifoxonalarga dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnikalarni yurtimizdan import qilish, bemorlarni Oʼzbekistonga davolashga yuborish masalasi muhokama etildi.

Shuningdek, Oʼzbekistondagi tibbiy mahsulotlar va davolash jarayonlari bilan tanishish maqsadida Аfgʼoniston delegatsiyasi tashrifi amalga oshirilishi boʼyicha kelishuvga erishildi.

Kobul Savdo va sanoat palatasi kengashi aʼzosi Zabihullah Momen Zada bilan eksport-import masalalari muhokama qilindi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech