11:05 (09.04.2024)

324

DXX: Sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari boʼlmagan dori vositalarining savdosiga chek qoʼyildi

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʼyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda, Yakkabogʼ tumanida yashovchi, 1996 y.t. shaxs «Banktsef», «Zanasef», «Gansef» va «Gandsef» nomli jami 3.767 dona dori vositalarini 54 mln. soʼmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

U dori vositalarini mazkur tumanda yashovchi, 1996 y.t. fuqarodan olganligi aniqlanib, ushbu shaxs ham muqaddam sotgan dorilari uchun 26 mln. soʼm olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadoni koʼzdan kechirilganda, tegishli hujjatlari boʼlmagan, umumiy bahosi 1 mlrd. 307 mln. soʼmlik jami 14.909 dona dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasi xulosalariga koʼra, ushbu dori vositalari – tibbiyotda qoʼllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat roʼyxatidan oʼtmaganligi maʼlum boʼldi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni koʼzdan kechirildi. Natijada, xonadonda Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari boʼlmagan va sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 593 mln. 142 ming soʼmlik 49.020 dona flakonda “Аmpisul” nomli dori vositalari borligi aniqlandi hamda ularning egasi hisoblangan, Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1990 y.t. shaxs qoʼlga olindi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalarini Fargʼona viloyatida yashovchi, 1990 va 1994 yillarda tugʼilgan 2 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan bojxona nazoratini chetlab oʼtib, olib kelganliklari aniqlanib, ular ham ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech