11:32 (02.05.2023)
2675
“Sogʼliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ–140-son, 01.05.2023 y.) qabul qilindi.
Oʼzbekiston va “KfW” banki oʼrtasida “Raqamli sogʼliqni saqlash islohotlarini qoʼllab-quvvatlash” loyihasi uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga 45 million yevro miqdorida qarz bitimi hamda 5,5 million yevro miqdorida grant bitimi imzolangan.
Qarorga koʼra, Sogʼliqni saqlash vazirligi loyihani oʼz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish boʼyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.
Qarz mablagʼlarini qaytarish respublika byudjeti mablagʼlari hisobidan qoplanadi.
Qarorga muvofiq, loyihani oʼz vaqtida va samarali amalga oshirish uchun Raqamli sogʼliqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisi tashkil etiladi.
Shuningdek, qarorga koʼra:
- loyiha doirasida joriy etilayotgan axborot tizimlaridan foydalanish boʼyicha litsenziyalar uchun toʼlovlar ularni joriy etish xarajatlari tarkibiga kiritiladi hamda ular axborot tizimi amaliyotga toʼliq joriy etilgandan soʼng kamida 5 yil mobaynida amal qiladi;
- loyihani amalga oshirish jarayonida iqtisod qilingan mablagʼlar ustuvor ravishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini raqamlashtirish hamda kompьyuter texnikasi vositalarini xarid qilishga yoʼnaltiriladi.
Qaror bilan 2023–2025 yillarda sogʼliqni saqlash tizimini raqamlashtirish boʼyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Chora-tadbirlar rejasida, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
➖ “Elektron retsept” (reimbursatsiya) tizimini joriy etish;
➖ Sanatoriylarga yoʼllanma olish, navbatni kuzatish va mavjud boʼsh oʼrinlarni koʼrish imkoniyatini beradigan “Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish;
➖Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning elektron roʼyxatini yuritishga moʼljallangan “Cancer-registr” axborot tizimini joriy etish;
➖Ona va bola salomatligi pasportining elektron tizimini yaratish;
➖Yagona portal orqali vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari maʼlumotnomalarini olish imkoniyatini yaratish.