09:03 (24.10.2023)

1201

Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati — parlament nazoratida

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 18, 19, 20, 21-moddalari ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ul rahbarlari ishtirokida o‘tkazildi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tahrirdagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun hamda 2020 — 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi hamda Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Asosiy e’tibor aholini zarur va sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimida elektron retsept tizimini joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, olib kirish va aylanmasini hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiste’mol qilinishining oldini olish, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solish borasida mavjud muammolar va ularni bartaraf qilish masalalariga qaratildi.

— Qo‘mitamiz tomonidan joriy yil avgust oyida mazkur Qonunning tegishli moddalari ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish maqsadida Andijon va Farg‘ona viloyatlarida bo‘ldik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Adhamjonova. — Dori-darmonlar bilan chakana savdo qiluvchi dorixonalar faoliyatini o‘rganish jarayonida har ikkala viloyatda ham jiddiy kamchiliklarning guvohi bo‘ldik. Xususan, har ikkala viloyat dorixonalarida ham retsept bilan berilishi lozim bo‘lgan dorilar bemalol retseptsiz sotilmoqda. Retseptsiz beriladigan, hayot uchun zarur dorilar ro‘yxati yo‘q. Dorixonada xizmat qilayotgan shaxslardan tibbiy ko‘rik haqida yoki malaka oshirganlik haqida ma’lumot so‘ralganda, taqdim etilmadi. Ularning sanitar holati ham ko‘p hollarda talabga javob bermaydi.

Yana bir e’tibor qaratgan jihatimiz — ommaviy axborot vositalari orqali turli dori vositalarining reklama qilinishi bilan bog‘liq holat. To‘g‘ri, qonunchiligimizda retseptsiz beriladigan dori vositalarining reklamasiga ruxsat berilgan. Bu esa aholi o‘rtasida o‘zini o‘zi davolash bilan shug‘ullanish holatlarining ortishiga, dorixonalar tomonidan esa dori vositalarini chakana realizatsiya qilish tartibiga rioya qilmaslik holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Yig‘ilishda mutasaddilar bilan mazkur holatni muhokama qilib, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirishda faol hamkorlik qilish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishga kelishib oldik.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarning fikrlari eshitildi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida har bir fuqaroga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaratish, bunda amaldagi qonunchilikka zarur o‘zgartirishlarni kiritish, dori-darmon siyosatini nazoratga olishga doir takliflar o‘rtaga tashlandi.

Yakunda bildirilgan fikr-mulohazalar asosida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech