15:37 (04.10.2022)
2221
2022 yilgi fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobelь mukofoti shved biologi Svante Peaboga topshirildi. Bu haqda 3 oktyabrь kuni Stokgolьmdagi Karolinsk institutining Nobelь qo‘mitasi ma'lum qildi.
Olim “yo‘q bo‘lib ketgan gominidlar (primatlar oilasi, jumladan, homo sapiyens) genomi va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlari uchun” mukofotga sazovor bo‘ldi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Qayd etilishicha, Peabo o‘z tadqiqotlari bilan ilm-fan olamida imkonsiz bo‘lib tuyulgan ish – neandertal genomini ketma-ketlashtirishni amalga oshira olgan.
“U, shuningdek, ilgari noma'lum bo‘lgan gominid – Denisovskiy odami haqida shov-shuvli kashfiyot qildi”, deb ta'kidladi qo‘mita.
Shvetsiyalik biolog, shuningdek, 70 ming yil avval Afrikadan ko‘chib kelganidan so‘ng yo‘qolib ketgan gomininlardan genlarning homo sapiyensga o‘tishi sodir bo‘lganligini ham aniqladi. Zamonaviy odamlarda bu genlar immunitet tizimining infektsiyalarga qanday javob berishini aniqlaydi. Peaboning tadqiqotlari butunlay yangi ilmiy intizom – paleogenomikani dunyoga keltirdi.
Svante Peabo evolyutsion genetik. Uning otasi biokimyogar Sune Bergstryom bo‘lib, u 1982 yilda fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha "prostaglandinlar va ular bilan bog‘liq biologik faol moddalarga oid kashfiyotlar uchun" Bengt Samuelьson va Jon Ueyn bilan birga Nobelь mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Peabo paleogenetikaning asoschilaridan biri bo‘lib, genetik usullar yordamida birinchi odamlar va gominidlarni o‘rganadi. U bu sohadagi faoliyatini 1984 yilda Yevropa muzeylari kollektsiyalaridan qadimiy Misr mumiyalarini o‘rganishdan boshlagan. 1985 yilda tarixda birinchi marta mumiyalardan genetik material olindi. 2010 yil mart oyida Peaboning tadqiqot guruhi Oltoydagi Denisov g‘orida topilgan bo‘lakdan DNKni o‘rganib, ilgari noma'lum bo‘lgan gominidlar turi – Denisov odami antik davrda mavjud bo‘lgan degan xulosaga keldi.
U Shvetsiya Qirollik Fanlar Akademiyasi, AQSh Milliy Fanlar Akademiyasi, Frantsiya Fanlar Akademiyasi va London Qirollik Jamiyatining a'zosi.