14:31 (15.06.2023)
2328
14 iyun kuni Germaniya federal farmatsevtika uyushmalari ittifoqi butun mamlakat boʼylab norozilik kuni eʼlon qildi. Shu bois mamlakatdagi aksariyat dorixonalar yopildi.
Namoyishlar mamlakatning koʼplab shaharlarida, jumladan Berlin, Dyusseldorf, Myunster, Visbaden, Marburg va Аugsburgda boʼlib oʼtmoqda.
Namoyishchilar dorixonalarga qoʼshimcha moliyaviy yordam va byurokratik tizimni soddalashtirishni talab qilmoqda.
Germaniya sogʼliqni saqlash vaziri Karl Lauterbax oʼzining “Tvitter”dagi sahifasida Berlindagi idorasi oldidagi norozilik namoyishi suratini joylashtirdi. Unda oq xalat kiygan va bannerlar koʼtargan yuzlab odamlar aks etgan.
“Deutsche Apotheker Zeitung” gazetasining politsiyaga tayanib xabar berishicha, Berlindagi namoyishda 3800 nafarga yaqin odam qatnashgan.
Аvvalroq, Germaniyada uzoq vaqt davomida dori-darmonlar, jumladan antibiotiklar, ogʼriq qoldiruvchi vositalar, bolalar uchun siroplar va saratonga qarshi dori vositalari yetkazib berishda uzilishlar kuzatilayotgani xabar qilingan edi. Qayd etilishicha, aprelь oyida mamlakatda 480 nomdagi dori-darmon taqchilligi kuzatilgan.
Oʼz navbatida, Germaniya federal tibbiyot palatasi hukumatni xorijdan dori-darmonlarni yetkazib berishda uzoq vaqt davom etayotgan uzilishlar fonida hayotiy muhim dori vositalarining milliy zaxirasini yaratishga chaqirdi.