12:00 (12.06.2023)
2183
Sirdaryo viloyat hokimi Аkmaljon Mahmudaliev hamda “Dori-Darmon” АK boshqaruv raisi Umida Salixbaeva, shuningdek, viloyati hokimining birinchi oʼrinbosari Raximjon Boboev, viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi boshligʼi Xurshid Hakimov “Sirdaryo Dori-Darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʼldi.
Ular dastlab, jamiyatda GDP talablari asosida qayta taʼmirlanayotgan omborxona bilan tanishdi. Shuningdek, bugungi kunda jamiyatda olib borilayotgan ishlar, aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan taʼminlash borasida koʼrilayotgan chora tadbirlar, omborxonadagi mavjud dori vositalari va ularni saqlash sharoitlari bilan tanishishdi. Va kelgusida amalga oshirilish kerak boʼlgan ishlar, muammolar va ularning yechimlari haqida fikr almashdi.
Viloyat hokimi А.Mahmudaliev “Sirdaryo Dori-Darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish, ish sifatini yaxshilash yoʼlida hokimlik ham oʼz koʼmagini berishga tayyorligini qayd etdi.
Jamiyat ombori Munosib distribyutorlik amaliyoti standartlariga (GDP) muvofiqligi jihatidan sertifikatlash jarayonini tezlashtirish boʼyicha zarur koʼrsatmalar berildi.
GDP – bu farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishning barcha bosqichlaridagi uzluksiz nazoratni taʼminlovchi qoidalar tizimi boʼlib, jamiyatning dori vositalarini olib kelish, saqlash, yetkazib berishdagi faoliyati ishonchli, sifatli va samarali ekanligini kafolatlaydi.
Eslatib oʼtamiz, “Sirdaryo Dori-Darmon” MChJga qarashli 14 ta dorixona va dorixona shoxobchalari reimbursatsiya dasturiga ulangan boʼlib, bu dastur bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonadan dori vositalarini bepul olish imkonini beradi.