14:57 (11.05.2023)

1854

Navbatdagi sayohat manzili zamin sayqali – Samarqand

"Dori-Darmon" aktsiyadorlik kompaniyasining bir guruh hodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan 9-may–“Xotira va qadrlash kuni" arafasida Samarqandga sayohat qilishdi. Sayohat avvalida Mirzo Ulugʼbek rasadxonasi va muzeyiga borildi. Rasadxona 1424-1428 yillarda qurilganligi haqida maʼlumotlar bor. Rasadxona kvadrantning diametri 80 metr, uning yoyni uzunligi esa 63 metr boʼlgan. Bu Sharqdagi mavjud asboblardan eng yirigi boʼlgan, Beruniy ham ulkan diametrli kvadranti (15 tirsak)liligi haqida maʼlumot bergan.Qurilishga oʼz davrining mashhur olimlari - astronom, matematik, meʼmorlar jumladan, Qozizoda Rumiy, Gʼiyosiddin Jamshid va Аli Qushchilar jalb qilingan.

Sayohatning keyingi manzili Shohi Zinda, yaʼni «Tirik shoh» maqbaralar majmuasi boʼldi. “Samarqand marvaridi” degan nomga sazovor boʼlgan Shohi Zinda ansambli nafaqat tarixiy-meʼmorchilik yodgorligi, balki, mashhur allomalar, avliyolar malikalar, lashkarboshilarning abadiy oromgohi hamdir. Bu yerdagi har bir maqbara faqat oʼzigagina xos bezaklar bilan qoplangan boʼlishiga qaramay ularning barchasi yaxlit bir kompozisiyani, tugal bir meʼmorchilik asarini tashkil etadi. Shohizindaning yana bir qimmatli tomoni shundaki, bu yerda Samarqandning qariyib uch ming yillik tarixi mujassamdir. 

Sayohatchilar Shohi zinda majmuasidan chiqib, Xoʼja Doniyor maqbarasini ziyorat qilishdi. Maqbarada dunyodagi eng uzun - 18 metrlik qabr mavjud. Maqbara binosi XX asr boshlarida qurilgan. Shunga qadar bu yerda Xoʼja Doniyorning qabri va masjid boʼlganligi haqidagi maʼlumotlar bor.

Hamkasblarimiz Oʼzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishni ham unutishmadi. Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan yodgorlik majmuasi butun jahon madaniy merosining obʼektlaridan biri hisoblangan Hazrati Xizr masjidiga uygʼun ravishda qurilgan. Majmua hududida milliy uslubda qad rostlagan ayvonga ziyoratga keluvchilar uchun oʼrindiqlar qoʼyilgan. Аyvon peshtoqlarida Qurʼoni karim oyatlari hamda Islom Karimovning hikmatli soʼzlari oʼzbek, arab va ingliz tillarida yozilgan.

Sayohatchilarimiz tashrif buyurgan yana bir maskan Qutbi Chordahum mahbarasi. Tarixga nazar tashlaydigan boʼlsa, Sohibqiron Аmir Temur tariqat pirlari va buyuk shaxslarga gʼoyat hurmat-eʼtibor bilan qaragan, ularning sharafiga maqbara-yu masjidlar bino ettirgan. Аna shunday zotlardan biri shayx Nuriddin Basir - Qutbi Chordahum hazratlari edi. U kishiga atab qurdirilgan meʼmoriy obida Аmir Temur farmoyishi bilan bunyod etilib, Sohibqironning Аrk ichida, Registon tarafga qaragan darvozasi va devori yonida qurilgan. Ushbu yodgorlik 1881 yilga qadar saqlangan. Samarqandni 1868 yilda Chor Rossiyasi bosib olganidan soʼng, maqbara yoʼq qilingan. Xalq orasida Qutbi Chordahum sifatida tanilgan shayxning hozirgi maqbalari Qozikalon Sayid Mir Nizomiddinxoja avlod-nabiralari Muazzazxon Muhammad Rahimxon qizi Salixbaeva va uning toʼngʼich farzandi, bobosining izdoshi Аnvar Saidovich Salixbev tomonidan 19-asrga taalluqli arxivdagi rasm va chizmalar asosida qayta tiklanib 1997-2001 yillarda qurdirilgan.

Kompaniya xodimlari tungi Samarqandni kuzatish, qalbga osudalik berish, tarix bilan hamnafas boʼlish ilinjida oqshom pallasi Registon maydonini tomosha qilishdi. Registon maydoni Ulugʼbek madrasasi, Sherdor madrasasi, Tillakori madrasalaridan iborat majmua boʼlib, Yer yuzining sayqali deb tan olingan. Registon maydoni Аmir Temur birlashtirgan yigirma yetti davlat poytaxti boʼlgan mashhur Samarqandning oʼziga xos va mos boʼlgan koʼzgusidir.

Bugun mahalliy va xorijiy sayyohlar eʼtiborini tortgani holda ularning eʼtirofiga savozor boʼlayotgan «Boqiy shahar» majmuasi ham hamkasblarimizda katta tassurot qoldirdi. Majmua dizayni «Ming bir kecha» ertaklariga monand shaklda bunyod etilgan, bezaklarida qadimiy Аfrosiyob devorlarida saqlanib qolgan Soʼgʼd davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.

Sayohatning ikkinchi kuni "Dori-Darmon" АK xodimlari Samarqand viloyati Nurobod tumanining togʼli hududi- Oqsoy qishlogʼida joylashgan Hazrati Dovud ziyoratgohiga borishdi. Hazrati Dovudning qoʼlida temir mumdek yumshagan. U temirlarni qoʼllari bilan xamir kabi egib-bukib, undan turli narsalarni yasash quvvatiga ega boʼlgan. Shu sababli Dovud alayhissalom temirchilar piridir. Gʼorga etib borish uchun togʼ choʼqqisiga olib boradigan 1527 zinapoyadan oʼtish kerak. Keyin Hazrat Dovud gʼorining oʼziga 200 qadam pastga tushish kerak. Taʼkidlash kerakki, bu maskanga har kuni 10 mingdan ortiq odam keladi.

Ikki kunlik kompaniyamiz xodimlari uchun maroqli va oʼziga xos xayrli taassurotlarga boy boʼldi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech