15:02 (27.09.2023)

1423

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda

Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilayotgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Majlisda senatorlar “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ham dastlabki tarzda muhokama qildilar. Muhokamada Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi direktor o'rinbosari Zafar Tuxtaev ham ishtirok etdi.

Ushbu Qonun bilan "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunga farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarida sog‘lom shaxslarning ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatlarini o‘zgartirish uchun imkoniyatni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, "Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlariga donor qoni va uning tarkibiy qismlarini xususiy tartibda to‘plashni, tayyorlashni, qayta ishlashni va saqlashni amalga oshirishga ruxsat beradigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun qon preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplashga, dori vositalarining yangi turlari ishlab chiqarilishiga xizmat qiladi.

Senatorlar tomonidan Qonunlarni navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech