15:00 (26.05.2023)

2097

Sifatli xizmat - savdo hajmini oshiradi

“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasida vaqti –vaqti bilan kompaniya masʼullari va dorixona mudirlari uchrashuvi anʼanaga aylangan. Kuni kecha kompaniyaning tijorat direktori N. Husanov, Boshqaruv raisi maslahatchisi O.Xodjimetov dorixona mudirlari bilan navbatdagi uchrashuvni oʼtkazdi. Yigʼilishda qonunchilikdagi sohaga oid yangiliklar, mavjud muammolar, savdo sifatini oshirish, kasb etikasiga rioya qilish, xizmat vazifasini sidqidildan bajarish, noqonuniy hatti-harakatlarga yoʼq qoʼymaslik masalalari muhokama qilindi va oldinda qilinishi lozim boʼlgan ishlar, vazifalar belgilab olindi.

Haqiqatan ham, soʼnggi yillarda aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan taʼminlash maqsadida farmatsevtika sohasida anchagina yangiliklar joriy etildi. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 411-son Qarori bilan 2023 yil 1 iyuldan boshlab referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori boʼlgan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlandi.

Shuningdek, qarorda isteʼmolchilar tomonidan dorixonalarda xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyum xarid cheklarning QR-kodi «Soliq» mobil ilovasida roʼyxatdan oʼtkazilganda belgilangan ustamalardan ortiqcha mablagʼ olinganligi aniqlansa, avtomatik ravishda Raqobat qoʼmitasiga xabar yuborilib, ortiqcha olingan mablagʼni isteʼmolchiga qaytarish choralari koʼrilishi ham belgilangan edi. Shu asosda 2023 yil 1 iyundan boshlab - “Soliq hamkor” axborot tizimi ishga tushirilmoqda. Аxborot tizimi orqali kelib tushgan murojaatlar nazorat va boshqa tadbirlarni oʼtkazish uchun asos boʼladi. Murojaatlar vakolatli organlar tomonidan 10 ish kunida majburiy tartibda koʼrib chiqiladi.
Murojaat bergan shaxs tasdigʼini topgan qonun buzilishi holatlari boʼyicha mukofot oladi: maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jarimaning 20 foizi va jinoyatlar uchun BHMning 5 baravarigacha miqdorda.

Yigʼilishda qonunchilikdagi shu kabi yangiliklar bilan birga, amalda boʼlgan qoidalarga rioya qilish kerakligi ham uqtirildi. Xususan, mamlakatimizda 2020 yilning yanvarь oyidan onlayn NKM va virtual kassalarga oʼtish jarayoni boshlangan boʼlib, dorixonalarda ham har bir xarid QR kodli chek berish bilan birga amalga oshirilishi lozimligi yana bir bor eslatib oʼtildi. QR kodli chek bermaslik savdo obʼektlarining eng koʼp yoʼl qoʼyilayotgan xatosi ekanligi taʼkidlandi. Oʼzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga koʼra: chek bermaslik besh million soʼm miqdorida jarima solishga sabab boʼladi. Bunday QR kodli cheklar qonuniy faoliyatdan guvohlik beradi.

2020 yilning 1 iyulidan tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar tomonidan qonun talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholash maqsadida “Sirli xaridor” instituti joriy etilgan. Ushbu institut tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar tomonidan retseptlarni yozish, dori vositalarining savdo nomi uchun cheklangan narxlarini qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholab borish bilan shugʼullanadi. Аlbatta noqonuniy hatti haraqatlar aniqlanganda tegishli tartibda jazo choralari qoʼllanilishi tushuntirildi.

Uchrashuv jarayonida dorixona mudirlari oʼzlarini qiziqtirgan savollar boʼyicha javoblar olishdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech