09:00 (10.07.2024)

225

Toshkent viloyatida 3,3 mlrd soʻmlik psixotrop moddalar aylanmasiga chek qoʻyildi

IIV hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda 3 milliard 300 million soʻmlik kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari aylanmasiga chek qoʻyildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi. 

Bildirilishicha, Boʻstonliq va Yashnobod tumanlarida oʻtkazilgan tadbir davomida 27 va 21 yoshli ikki nafar shaxs Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Xoʻjakent mahallasi hududidagi dala hovlida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qoʻlbola usulda qadoqlash bilan shugʻullanib kelayotgani aniqlangan. 

Ushbu manzildan 13,5 kilogramm pregabalin hamda 20 litr tropikamid moddalari, shuningdek, mazkur moddalar uchun moʻljallangan 60 ming dona boʻsh kapsulalar topilgan. 

Tezkor tadbir davom ettirilib, qoʻlga olingan shaxslarga katta miqdorda dori vositalarini olib kelgan 26 va 31 yoshli kurerlar “Nexia” rusumli avtomobilda ushlanib, haydovchining yonidan 10 dona pregabalin topilgan. 

Dastlabki surishtiruvlar davomida ushlangan shaxslar Telegramʻda tashkil etilgan kanalda dori vositalarini qadoqlovchi va yetkazib beruvchi sifatida ishlayotgani maʼlum boʻlgan. 

Tadbir davomida qoʻlga olingan shaxslardan 3 milliard 300 million soʻmlik pregabalin va tropikamid kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olingan. Holat yuzasidan Tergov departamenti tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari  olib borilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech