09:50 (22.04.2024)

397

Olimlar: keyingi pandemiyaga gripp virusi sabab boʼlishi mumkin

Yetakchi olimlarning fikriga koʼra, gripp yaqin kelajakda yangi pandemiyani keltirib chiqarishi mumkin boʼlgan patogen hisoblanadi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Buni aniqlash uchun oʼtkazilgan xalqaro tadqiqotda 187 nafar olim ishtirok etdi. Kasalliklar boʼyicha yetakchi mutaxassislarning 57 foizi gripp oʼlimga olib keluvchi yuqumli kasallikning navbatdagi global epidemiyasi boʼlishi mumkinligini aytdi.

“Gripp har qishda kuzatiladi. Uning tarqalishini kichik pandemiyalar deb atash mumkin. Ular nisbatan nazorat ostida, sababi bunday kasalliklarni keltirib chiqaradigan turli shtammlar u qadar virulent (xavfli, yuqumli) emas. Аmmo bu har doim ham shunday ekanini anglatmaydi”, — dedi Kyoln universitetidan Jon Salmanton-Garsiya.

Respondentlarning yana 21 foizi “Virus X” (hali nomaʼlum virus) butun dunyo uchun xavf tugʼdirishiga, xuddi Sars-CoV-2 kabi kutilmaganda paydo boʼlishiga ishonchi komil.

Bundan tashqari, soʼrovda qatnashgan olimlarning 15 foizi koronavirus yana pandemiyani qoʼzgʼatishi mumkinligini aytgan. Lassa, Nipah, Ebola va Zika viruslari kabi boshqa halokatli mikroorganizmlar faqat ozchilik ekspertlar tomonidan jiddiy global tahdidlar sifatida baholangan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech