12:57 (12.02.2024)

857

JSST: Dunyoda har yili 5 million kishiga epilepsiya tashxisi qoʼyilmoqda

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti tomonidan epilepsiya kasalligi bilan bogʼliq yangi hisobot eʼlon qilindi. Unga koʼra, hozir dunyo boʼyicha taxminan 50 million kishi ushbu darddan aziyat chekmoqda.

Аchinarlisi, keyingi davrda bunday bemorlar soni yiliga 5 million nafarga ortyapti. Ularning qariyb 80 foizi past va oʼrta daromadga ega mamlakatlar aholisidir. Yaʼni mazkur hududlarda har 100 000 kishidan 139 nafariga epilepsiya tashxisi qoʼyilmoqda.

Hisobotda keltirilishicha, oʼsish dinamikasi Yer yuzida endemik kasalliklar xavfi ortishi, yoʼl-transport hodisalari va tugʼilish chogʼidagi jarohatlar koʼpayishi, qolaversa, tibbiy infratuzilma, profilaktika dasturlari hamda arzon va malakali tibbiy yordam yetishmasligi kabi qator omillar bilan bogʼliq.

Vaholanki, epilepsiya xurujlarining oldini olsa boʼladi. Bundan tashqari, 70 foiz bemorlar tutqanoqqa qarshi dorilar yordamida toʼgʼri muolaja olib, bu darddan xoli yashashlari mumkin.

Аmmo kam daromadli mamlakatlarda epilepsiyaga chalingan odamlarning toʼrtdan uch qismi davolanmaydi. Oʼz navbatida, bunday davlatlarda antikonvulьsant dorilar taʼminoti 50 foizga ham yetmaydi.

Аksariyat hollarda epilepsiyani birlamchi tibbiyot muassasalarida murakkab asbob-uskunalarsiz tashxislash va davolash imkoniyati mavjud. Аmmo bunday bilim va koʼnikmaga ega mutaxassislar barcha hududlarda ham, afsuski, yetarli emas.

Shularni hisobga olgan holda, JSST epilepsiya diagnostikasi va muolajasida samaradorlikka erishish uchun birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlarini maxsus tayyorgarlikdan oʼtkazish zarur, degan xulosada.

Elatib oʼtamiz, epilepsiya – turli xil xurujlar va hushdan ketishlar bilan namoyon boʼluvchi bosh miyaning surunkali kasalligi. U xalq orasida tutqanoq, quyonchiq, deb ham ataladi. Xastalik 70 foiz holatda 20 yoshgacha boʼlgan davrda rivojlanadi.  

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech