08:55 (09.08.2023)

2719

JSST Hindistonning “Cold Out” siropi haqida ogohlantirmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda ishlab chiqarilgan yana bir yo‘tal siropining xavfli oqibatlaridan ogohlantirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, JSST 7 avgust kuni Iroqda sotilayotgan Hindistonda ishlab chiqarilgan “Cold out” nomli yo‘tal siropi haqida ogohlantirish e’lon qilgan. Dori vositasining tarkibidan toksinlar aniqlangani uchun shunday qarorga kelingan.

“Mahsulotning sifatsiz partiyasi xavfli va undan foydalanish, ayniqsa, bolalarda, jiddiy asoratlar yoki o‘limga olib kelishi mumkin”, deyiladi tashkilot ogohlantirishida.

Bu so‘nggi 10 oyda Hindistonda ishlab chiqarilgan dori vositalaridan beshinchi bor ogohlantirish e’lon qilinishi hisoblanadi.

JSST xabariga ko‘ra, mazkur sirop Hindistonning Fourrts kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi.

Iroq dorixonalaridan topilgan partiyadagi dorilar tarkibida 0,25 foiz diyetilen glikol va 2,1 foiz etilen glikol mavjudligi aniqlangan. Ushbu moddalarning JSST tomonidan qabul qilingan xavfsizlik chegarasi esa 0,10 foizni tashkil qiladi. Siropning ishlab chiqaruvchisi JSSTga mahsulot sifati va xavfsizligi bo‘yicha kafolatlarni taqdim etmagan.

JSST siropning toksik ta’siri qorin og‘rig‘i, qusish, diareya, siydik chiqara olmaslik, bosh og‘rig‘i, ruhiy holatning o‘zgarishi va o‘limga olib keladigan o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga sabab bo‘lishini qayd etgan.

Ayni paytda Iroqda dorixonalardan “Cold out” siropini qaytarib olish boshlangan.

Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" Hindistonning “Fourrts Laboratories” tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositasi Oʼzbekiston Respublikasida davlat roʼyxatidan oʼtkazilmaganligini maʼlum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini bildiradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech