12:07 (07.11.2023)

2345

Indoneziyada 200 dan ortiq bola oʼlimiga sabab boʼlgan dori ishlab chiqaruvchilari qamaldi

Indoneziyada 200 dan ortiq bolaning oʼlimiga aloqador boʼlgan yoʼtal siropi firmasining boshligʼi va yana uch nafar amaldori qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

“Afi Farma” firmasi ortiqcha miqdorda zaharli moddalar boʼlgan yoʼtal siroplarini ishlab chiqarishda ayblangan. Kompaniya advokati ular beparvolikni rad etishlarini va firma apellyatsiya berish yoki bermaslikni koʼrib chiqayotganini aytgandi.

Prokurorlar “Afi Farma” bosh direktori Аrief Prasetya Harahapni toʼqqiz yilgacha, qolgan ayblanuvchilarni esa yetti yildan qamoq jazosiga hukm qilishni soʼragan edi. Prokurorning taʼkidlashicha, 2021 yilning oktyabridan 2022 yil fevraliga qadar kompaniya yoʼtalga qarshi sirop tayyorlash uchun ishlatiladigan propilen glikolning ikki partiyasini olgan.

“Bu partiyalarda 96 foizdan 99 foizgacha etilen glikol bor edi”, deydi prokuror.

Ikkala modda ham erituvchilarga qoʼshimcha sifatida ishlatilishi mumkin. Propilen glikol toksik boʼlmagan va dori-darmonlar, kosmetika va oziq-ovqatda keng qoʼllaniladigan boʼlsa-da, etilen glikol zaharli boʼlib, boʼyoq, qalam va tormoz suyuqligida ishlatiladi.

Prokurorlarga koʼra, kompaniya yoʼtal siropida ishlatiladigan ingredientlarni sinovdan oʼtkazmagan va buning oʼrniga yetkazib beruvchining sifat va xavfsizlik sertifikatlariga tayangan.

“Afi Farma”ning advokati Samsul Hidoyatning BBC'ga aytishicha, Indoneziyaning dori vositalarini tartibga soluvchi organi dori ishlab chiqaruvchilardan ingredientlarni qattiq sinovdan oʼtkazishni talab qilmagan.

Sharqiy Yavaning Kediri tuman sudi sudьyasi toʼrt nafar ayblanuvchini xavfsizlik standartlariga javob bermaydigan farmatsevtika mahsulotlarini qasddan ishlab chiqarishda aybdor deb topgan. Bu holat butun dunyo boʼylab zaharlanishdan keyin dori taʼminoti zanjirlari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlar kuchaygan bir paytda yuz berdi.

Shunday qilib firma boshligʼi va yana uch nafar amaldor ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va 1 milliard Indoneziya rupiyasi (63 056 dollar) miqdorida jarimaga tortilgan.

2022 yildan beri 200 dan ortiq indoneziyalik bolalar, ularning aksariyati besh yoshga toʼlmagan, ifloslangan yoʼtal siropi bilan bogʼliq oʼtkir buyrak jarohati tufayli vafot etdi.

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindiston va Indoneziyada ishlab chiqarilgan oltita yoʼtal siropi haqida ogohlantirish bergan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech