14:49 (20.03.2024)

1777

Dunyo boʼylab 3 milliarddan ortiq odam nevrologik kasalliklardan aziyat chekadi-JSST

Nevrologik kasalliklar — nogironlikni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omillardan biri. Qolaversa, bunday xastaliklar erta oʼlimga olib keluvchi sabablar orasida yetakchi oʼrinlarda.

Britaniyada chop etiladigan "Lancet Neurology" tibbiyot jurnalida eʼlon qilingan maqola ayni shu mavzuda. Undan Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti ishtirokida 1990 yildan 2021 yilgacha oʼtkazilgan keng koʼlamli tadqiqot natijalari joy olgan.

Qayd etilishicha, dunyoda 3,4 milliard kishi, boshqacha aytganda, Yer yuzi aholisining 43,1 foizi nevrologik kasalliklardan aziyat chekmoqda. Bu borada insulьt, neonatal ensefalopatiya, migren, demans, diabetik neyropatiya, meningit, epilepsiya, autizm kabi xastaliklar ulushi yuqori.

Tadqiqot davomida oʼrganilgan bunday kasalliklar soni 37 ta. Yakuniy hisob-kitoblarga koʼra, ushbu patologiyalar asoratlari 1990 yildan 2021 yilgacha 11,1 million kishining oʼlimiga sabab boʼlgan.

Xastaliklar taqsimoti yosh toifasiga qarab farqlanadi. Masalan, 20 yoshdan 59 yoshgacha boʼlgan bemorlar oʼrtasida insulьt, migren va diabetik neyropatiya tashxislari yuqori oʼrinni egallaydi. 60-79 yoshlilar orasida esa insulьt, Аlьtsgeymer, demans, diabetik neyropatiya bilan xastalanganlar soni koʼp.

Olimlarning taʼkidlashicha, asab tizimi buzilishlari oqibatida mehnat qobiliyatini yoʼqotganlar safida erkaklar ulushi ayollarga nisbatan sezilarli darajada yuqori.

Nevorologik xastaliklardan eng koʼp aziyat chekkan mintaqalar roʼyxatida Gʼarbiy va Markaziy Аfrika davlatlari peshqadam. Eng past statistika Аvstraliya, Okeaniya va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan yuqori daromadli mamlakatlar hissasiga toʼgʼri keladi.

Tabiiyki, mutaxassislar bunday koʼrsatkichlardan jiddiy xavotirda. Xususan, JSST rahbari Tedros Gebreyesus ushbu tadqiqot hukumatlar uchun diagnostika, davolash va reabilitatsiya xizmatlari sifati hamda koʼlamini oshirish boʼyicha kuchli chaqiriq boʼlishi kerakligini  taʼkidladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech