12:45 (06.01.2023)

2015

DXX: «Dok-1 MАKS» va «Аmbronol» dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʼtkazilmagan

Oʼzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan «Quramax Medikal» MChJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ masʼul shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 1863-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qoʼzgʼatilgan jinoyat ishi boʼyicha hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan «Dok-1 MАKS» va «Аmbronol» dori vositalarining nojoʼya taʼsiri oqibatida, hozirga qadar «oʼtkir buyrak yetishmovchiligi» tashxisi bilan davolangan bemor bolalar hayotdan koʼz yumgan.

«Quramax Medikal» MChJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu preparatlar «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan oʼtkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ masʼul xodimlari tomonidan meʼyoriy-huquqiy hujjat talablari qoʼpol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʼtkazilmaganligi natijasida, sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yoʼl qoʼyilgan.

Jinoyat ishi doirasida «Quramax Medikal» MChJning 2 nafar rahbar xodimlari hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJning 2 nafar masʼul xodimlari gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan.

Koʼrilgan chora-tadbirlar natijasida «Quramax Medikal» MChJ tomonidan Hindiston davlatidan Oʼzbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan oʼtkazilishi toʼxtatildi hamda mamlakatimiz dorixonalaridagi bunday preparatlar yigʼib olindi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.

«Quramax Medikal» MChJga tegishli dori vositalarini Oʼzbekistonda belgilangan tartibda roʼyxatdan oʼtkazilganligi hamda sogʼliqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat boʼyicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, shu oʼrinda, ehtimoliy salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, mazkur mavzuga oid tekshirilmagan yoki asossiz maʼlumotlarni tarqatmasligingizni soʼraymiz.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech