13:00 (11.09.2024)
567
“Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qaroriga koʻra, 2025-yil 1-iyuldan quyidagilar davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega boʻladi:
➖jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlovchilar;
➖Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq toʻlagan shaxslar;
➖voyaga yetmaganlar, taʼlim tashkilotlari oʻquvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga toʻlmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy roʻyxatdan oʻtganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalarning aʼzolari.
2027-yil 1-yanvardan soʻnggi bir yil davomida kamida 6 oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlaganlar uchun davlat tibbiy sugʻurtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.
Shuningdek, qarorga muvofiq, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida:
- 2024-yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi;
- davlat tibbiy sugʻurtasining axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga joriy qilinadi;
- tibbiyot muassasasi rahbariga muassasaning quvvati doirasida boʻlinmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo oʻrinlari sonini oʻzgartirish hamda ajratilgan mablagʻlar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati beriladi;
- tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat meʼyorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi hamda 2025-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlashning alohida tartibi hamda shartlari tatbiq etiladi;
- koʻrsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart hamda protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinadi.
2025-yil 1-aprelgacha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolanadigan kasalliklar roʻyxati hamda bazaviy narxlari kasalliklarni davolash yoʻnalishlari asosida barcha tibbiyot tashkilotlari uchun qayta tasdiqlanadi.