15:01 (12.10.2023)

1232

Farmatsevtika sohasida zarur amaliyotlar standarti talablarini joriy etish holati

2024 yil 1 yanvarga qadar GxP davlat standarti joriy etilmagan tarmoq tadbirkorlik subyektlariga farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi toʼxtatib qoʼyiladi yoki bekor qilinadi.

Bu haqda АOKАda oʼtkazilgan brifingda Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Toʼlaganova maʼlum qildi.

Prezidentning tegishli Farmoniga muvofiq 2022 yil 1 apreldan farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda "Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)", "Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)" va "Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)" talablariga muvofiq ravishda tashkil etilishi belgilangan.

"Zarur ishlab chiqarish amaliyoti - GMP" talablariga muvofiqligi boʼyicha oʼrganishlar oʼtkazish talab etilmaydigan dori vositalari roʼyxatida belgilangan dori vositalaridan tashqari barcha yangi dori vositalari klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida hamda joyiga chiqqan holda ishlab chiqarish sharoitlarining "Zarur ishlab chiqarish amaliyoti — GMP" talablariga muvofiqligi oʼrganilganidan soʼng Oʼzbekiston Respublikasida davlat roʼyxatidan oʼtkaziladi.

Bugungi kunda respublikada dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar soni 82 tani tashkil etib, ularning 40 tasida, jami 147 ta ishlab chiqarish liniyalarida “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti - GMP” “Oʼzbekiston Respublikasi Davlat standarti talablari joriy qilingan.

Farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shugʼullanuvchi 600 ga yaqin mahalliy korxonalar mavjud boʼlib, ularning 117 tasida “Zarur distribyutorlik amaliyoti - GDP” Oʼzbekiston Respublikasi Davlat standarti talablari joriy qilingan.

Klinik oldi tadqiqotlar oʼtkazuvchi laboratoriyalar soni 6 tani tashkil etib, ulardan 1 tasida “Zarur laboratoriya amaliyoti - GLP” sertifikati mavjud.

Klinik tadqiqotlar oʼtkazuvchi klinik bazalar soni 88 ta, farmatsevtika mahsulotlarini chakana realizatsiya qiluvchi dorixonalar soni 16 mingga yaqin boʼlib ularning birortasi ham “Zarur klinika amaliyoti - GCP” va “Zarur dorixona amaliyoti – GPP” sertifikatlarini olmagan.

2024 yil 1 yanvarga qadar GxP davlat standarti joriy etilmagan taqdirda, mazkur holat litsenziya talab va shartlari buzilishi hisoblanib, farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini toʼxtatib qoʼyish yoki bekor qilish uchun asos boʼladi.

Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi farmatsevtika tarmogʼi va respublika sogʼliqni saqlash tizimidagi tashkilotlarida GxP talablarini joriy etish va modernizatsiya ishlarini olib borish boʼyicha loyihalarni ishlab chiqish hamda oʼrnatilgan muddatlar ichida amalga oshirishga chaqirib qoladi va bu masalada amaliy yordam berishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech