13:02 (11.09.2023)
2048
Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutining bolalar va oʼsmirlar gigienasi laboratoriyasi xodimlari tomonidan poytaxtimizdagi umumtaʼlim maktablari oʼquvchilari oʼrtasida soʼrovnoma oʼtkazildi. Unda 2022-2023 oʼquv yili davomida 11 yoshdan 17 yoshgacha boʼlgan 900 nafar oʼquvchi ishtirok etdi.
Tadqiqotda zamonaviy raqamli qurilmalar va Internetdan koʼp foydalanishning bolalar salomatligiga taʼsirini baholashga eʼtibor qaratildi. Statistik maʼlumotlar tahlili endokrin tizim, ovqatlanish va metabolik kasalliklar bilan bogʼliq shikoyatlarga ega bolalar oʼrtacha 41 foizni tashkil etishini koʼrsatdi.
Umumiy kasallanishning qiyosiy tahliliga koʼra, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilarda raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan oʼquvchilarga nisbatan ruhiy va xatti-harakatlarning buzilishi bilan bogʼliq belgilar koʼproq uchradi. Soʼrovnoma natijalariga koʼra, bolalar orasida asab tizimi kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan. Shuningdek, bolalar orasida qon aylanish, nafas olish tizimi kasalliklari, shovqin va quloq bilan bogʼliq shikoyati borlar aniqlangan.
Bundan tashqari, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilar ovqat hazm qilish tizimidagi muammolardan 1,1 baravar koʼproq, 31 foizi esa tish ogʼrigʼi va kariesdan shikoyat qilgan. Bu raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan oʼquvchilarga nisbatan 6,4 foizga koʼpdir.
Xulosa qilib aytganda, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilarda raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydiganlarga nisbatan turli kasalliklarning yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan. Bu – gadjetlar va Internet tarmoqlari bolalar salomatligiga salbiy taʼsir koʼrsatishidan darak.