12:45 (07.10.2024)

497

Yangi qon guruhi tizimi ishlab chiqildi

Qon guruhlari bo‘yicha xalqaro referens-laboratoriya (IBGRL) va Bristol universiteti olimlari MAL deb nomlangan yangi qon guruhi tizimini yaratishdi. Tadqiqot natijalari Blood jurnalida e’lon qilindi.

An’anaviy tarzda qon birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi guruhlarga tasniflab kelinadi. Ularning har birida qizil qon tanachalari (eritrotsitlar) maxsus sirt belgilari (antigenlar)ga ega bo‘ladi. Biroq qon aslida yanada murakkab tarkibga ega, hozirga qadar olimlar tomonidan 360 dan ortiq antigenlarni o‘z ichiga olgan 47 ta qon guruhi tizimi aniqlangan.

Britaniyalik tadqiqotchilar ishlab chiqqan yangi tizim qon guruhlarini Mal oqsili orqali uzatiladigan AnWj antigeni bo‘yicha tasniflashga asoslangan. Olimlarning fikricha, AnWj genotipi manfiy odamlarga musbat genotipli qon quyilishi salbiy reaksiya berishi mumkin.

Yer aholisining 99,9 foizidan ko‘prog‘ida AnWj genotipi musbat. Biroq manfiy genotipli odamlar ham bor. Manfiy AnWj ga ko‘pincha qon kasalliklari va ayrim saraton turlari sababchi bo‘lishi aniqlandi. Sanoqli odamlardagina «manfiylik» nasliy omillar bilan bog‘liq.

Yangi tizim noyob qon xususiyatiga ega shaxslarni aniqlash va ularga qon quyish tartibini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech