15:10 (01.08.2023)
1749
Gepatit — xavfli kasallik. Soʼnggi tahlillarga koʼra, bu dard dunyo boʼyicha yiliga milliondan ortiq kishining hayotiga zomin boʼlmoqda.
Virusli gepatitning, ayniqsa, B va C turlaridan kasallanish hamda oʼlim koʼrsatkichlari yuqori. Xastalikning C turini toʼliq davolash mumkin. Аmmo bu infektsiyani yuqtirganlarning faqat 21 foiziga oʼz vaqtida tashxis qoʼyilib, atigi 13 foizi zarur muolajalarni olayotgani achinarli statistika.
Xuddi shunday, surunkali gepatit B dan aziyat chekuvchi bemorlarning bor-yoʼgʼi 10 foizi oʼz xastaligidan xabardor va 2 foizigina zarur dori-darmonlarni qabul qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, JSST 2030 yilga borib, gepatitni kamaytirish boʼyicha yangi tavsiyalarni taqdim etish harakatida.
Unga koʼra, xastalikning B va C turlari bilan kasallanish va undan oʼlim holatlarini kamaytirish uchun tashkilotga aʼzo mamlakatlar quyidagilarga amal qilishi zarur:
— gepatit B ga chalingan barcha homilador ayollar davolanishini taʼminlash va ulardan dunyoga kelgan chaqaloqlarni ushbu xastalik turiga qarshi emlash;
— gepatitning B va (yoki) C turlarini yuqtirgan bemorlarni tashxislash koʼlamini 90 foizga va bunday insonlarni dori-darmonlar bilan taʼminlash qamrovini 80 foizga yetkazish;
— qon quyish, inʼektsiya yuborish xavfsizligini kafolatlovchi ilgʼor amaliyotlarni joriy etish.
Shuningdek, bolalarni mazkur kasallikka qarshi ommaviy emlash orqali gepatit B ga chalinish holatlarini kamaytirish asosiy strategik maqsadlardan biri.
Umuman, JSST oʼz sogʼligʼini qadrlagan har bir insonga vaqti-vaqti bilan gepatit tekshiruvidan oʼtishni, infektsiya aniqlansa, paysalga solmay davolanishni va xastalikning B turiga qarshi emlanishni tavsiya qiladi.
Qolaversa, ekspertlar xulosasiga koʼra, spirtli ichimliklardan tiyilish, vaznni meʼyorida saqlash, qon bosimi va qondagi qand miqdorini doimiy nazorat qilib borish ham jigarning sogʼlomligini taʼminlashga yordam beradi.