09:00 (16.10.2024)
425
Lill universiteti (Fransiya) olimlari kofe iste’molining ko‘payishi Altsgeymer kasalligini rivojlanish xavfini kamaytirish bilan bog‘liqligini aniqladilar. Tadqiqot natijalari Alzheimer’s & Dementia jurnalida chop etildi.
Tadqiqotchilar 70 yoshdan oshgan, yengil kognitiv buzilishlari va Altsgeymer kasalligining dastlabki bosqichida bo‘lgan bemorlarning sog‘lig‘i hamda ovqatlanishga oid ma’lumotlarini ko‘rib chiqdilar.
Ishtirokchilar iste’mol qilgan kofein miqdoriga qarab ikki guruhga bo‘lingan. Ma’lum bo‘lishicha, kofeinni kamroq iste’mol qilgan odamlarda xotira va boshqa kognitiv pasayish xavfi sezilarli darajada oshgan. Ushbu guruhda kofeinni ko‘proq iste’mol qilganlarga nisbatan Altsgeymer kasalligini rivojlanish ehtimoli 2,5 baravar ko‘p bo‘lgan.
Bundan tashqari, olimlar ishtirokchilarning orqa miya suyuqligi tarkibini tahlil qilishdi. Kofeinni oz miqdorda iste’mol qilgan odamlarda orqa miya suyuqligidagi beta-amiloid oqsillari konsentratsiyasi pasayganligi aniqlandi.
Tadqiqotchilar, bu Altsgeymer kasalligiga xos bo‘lgan neyrodegeneratsiyaning biologik belgisi bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini tushuntirdi. Miya suyuqligi tomonidan qanchalik kam zaharli oqsillar "olib tashlansa", ularning ko‘pi miyada qoladi.