14:27 (12.09.2023)
2315
Prezidentimizning 2023 yil 20 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining nazariy bilimlari, amaliy koʼnikmalari, kasbiy mahoratini attestatsiyadan oʼtkazish va ularga malaka toifalari berish funktsiyalarini amalga oshiruvchi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etildi.
Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
♦ tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakalarini baholash va ularga malaka toifalarini berish, bu borada mutaxassislar bilimi, koʼnikmalari va qobiliyatlarini obʼektiv baholashning zamonaviy uslublarini joriy qilish;
♦ tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining oʼz malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishida koʼmaklashish;
♦ attestatsiyalarni oʼtkazish va malaka toifalari berish boʼyicha meʼyoriy-huquqiy asoslarni ishlab chiqish va takomillashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali uning shaffofligini taʼminlash;
♦ tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga qoʼyiladigan amaldagi talablarni tahlil qilish va zamonaviy malakaviy talablarni hamda ularni roʼyxatdan oʼtkazishning normativ-huquqiy bazasini yaratishda ishtirok etish.
Shuningdek, Sogʼliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʼi bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi olish boʼyicha hujjat topshirish va attestatsiyadan oʼtkazishning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizim asosida tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
Unga koʼra:
♦ malaka toifasini berish boʼyicha attestatsiyalarning onlayn tartibi joriy yilning sentyabridan boshlab, sinov tariqasida vrach va farmatsevtlarga, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga bosqichma-bosqich joriy etiladi;
♦ malaka toifasi berish boʼyicha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish va ularga elektron sertifikatlar rasmiylashtirilishini yoʼlga qoʼyish uchun “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish boʼyicha attestatsiyadan oʼtkazish va ularga sertifikat berish” yagona axborot tizimi (tibtoifa.ssv.uz) yaratildi va 2023 yil 11 sentyabrdan tajriba sinov tariqasida joriy etiladi.
Endilikda malaka toifasi berish boʼyicha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjatlari faqat elektron shaklda tibtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
Bunda, hujjat topshirish uchun har bir tibbiyot va farmatsevtika xodimi Yagona identifikatsiya tizimi (OneID)da id.egov.uz havolasi orqali roʼyxatdan oʼtishi lozim.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish boʼyicha ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari yigʼilishi jadvali tuzildi, tasdiqlandi va Sogʼliqni saqlash vazirligining ssv.uz hamda markazning tmbm.ssv.uz rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilindi. Malaka toifasi berish boʼyicha attestatsiyalar joriy yilning 16 sentyabridan boshlanadi.