15:04 (25.09.2023)
1847
Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda koʼkyoʼtal kasalligi avj olgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasi raisi oʼrinbosari Nurmat Аtabekov mazkur holat yuzasidan SSV Matbuot xizmatiga quyidagilarni maʼlum qildi:
— Koʼkyoʼtal — havo-tomchi yoʼli orqali yuqadigan oʼta yuqumli xastalik boʼlib, qoʼzgʼatuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasi hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Unga chalingan bemorlarda oʼtkir respirator virusli infektsiyalar alomatlari, shuningdek, kuchli yoʼtal xurujlari va qusish kuzatiladi.
Bu kasallik asosan yosh bolalar va oʼsmirlarda aniqlanadi, lekin katta yoshli odamlarda ham uchrashi mumkin.
Oʼzbekistonda milliy emlash kalendariga asosan, chaqaloqlar 2, 3 va 4 oyligida 3 marotaba pentavalent vaktsina bilan (koʼkyoʼtal, difteriya, qoqshol, gepatit V va XIB infektsiyalarga qarshi) emlanadi. Bir yildan soʼng, yaʼni 16 oylik davrida АKDS-4 bilan qayta revaktsinatsiya qilinadi.
Joriy yilning oʼtgan davrida mamlakatimiz boʼyicha jami 2 millionga yaqin bola ushbu xastalikka qarshi vaktsina qabul qilgan. Xususan, yanvarь-avgust oylari davomida penta-1 bilan emlanishi kerak boʼlgan bolalarning 97,6 foizi, penta-2 bilan 98,5 foizi, penta-3 bilan esa 98,5 foizi emlangan.
Bundan tashqari, 16 oylik oʼgʼil-qizlarning 98,9 foizi revaktsinatsiya bosqichida qayta emlangan.
Аytish joizki, koʼkyoʼtal mavsumiy xarakterga ega boʼlib, kuz-qish davrida koʼproq qayd etilishi mumkin va aksariyat hollarda emlanmaganlar (tibbiy cheklov va rad etish), toʼliq emlash kursini olmaganlar hamda baʼzi hollarda emlashdan keyin immunitet shakllanmagan (seromanfiy) bolalarda kuzatiladi.
Qisqa qilib aytganda, emlanmagan oʼgʼil-qizlar oʼrtasida kasallik tarqalish xavfi saqlanib qoladi. Shu bois koʼkyoʼtal kam miqdorda boʼlsa-da, aholi oʼrtasida qayd etib turilishi tabiiy hol.
Chunki ushbu xastalikni faqat jamoaviy immunitet hosil qilish orqali yengish mumkin. Buning uchun Milliy emlash kalendariga muvofiq, yosh bolalar emlanishi zarur.
Hozir yurtimizda bu boradagi epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga asos yoʼqligini, shuningdek ushbu kasallik hech qanday asoratlarsiz davolanib ketishini maʼlum qilamiz.