10:02 (04.09.2023)
1071
Olimlar Oʻzbekiston aholisining yurak-qon tomir kasalliklari va diabet kasalligining oldini olishga qaratilgan taomlanish dasturini ishlab chiqmoqdalar.
Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi Daniyaning Kopengagen universiteti bilan hamkorlikda fudomiks yoʻnalishda tadqiqotlar olib bormoqda. Fudomiks oziq-ovqat tarkibidagi molekulalar miqdori va ularning sifati analizi bilan shugʻullanadigan soha boʻlib, mahsulotlarning inson sogʻligiga ijobiy yoki salbiy taʼsirini oʻrganadi.
Hozirda loyiha doirasida oziq-ovqat mahsulotlarining kimyoviy va biologik xususiyatlarining tahlili amalga oshirilmoqda. Bunda aholi tomonidan eng koʻp ishlatiladigan mahsulotlar (masalan, oʻsimlik yogʻi)ning toksik va patogen xususiyatlari molekulyar darajada oʻrganilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining molekulyar tarkibini tahlil qilish orqali ularning inson salomatligiga taʼsiri tadqiq etiladi uva fudomik-platforma yaratiladi. Bu oʻz navbatida oziq-ovqat mahsulotlariga eng zamonaviy standart talablarini qoʻyish imkonini yaratadi.
Hozirda Ilgʻor texnologiyalar markazi olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlarda ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kasalliklar – qon-tomir kasalligi va diabetning 2-turiga oziq-ovqat mahsulotlarining taʼsiri oʻrganilmoqda. Bunda shifokorlar, biologlar, biokimyogarlar va kimyogar-tahlilchilar hamkorlikda ish olib bormoqda.
Oʻzbekistonda fudomiks sohasida ilk bora amalga oshirilayotgan mazkur loyiha yurtimiz aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklari va diabet kasalligining oldini olish, erta oʻlim sabablarini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadqiqot natijalariga koʻra, yurtimiz aholisi uchun milliy ovqatlanish anʼanalaridan kelib chiqqan holda eng maqbul ovqatlanish ratsioni ishlab chiqiladi.
Ushbu loyihani amalga oshirish aholi guruhlarining fiziologik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ovqatlanish tavsiyalarini shakllantirish uchun dalillarga asoslangan platforma yaratadi.