13:53 (15.10.2024)
510
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, ikkinchi qon guruhidagi yoshroq odamlarda insult ehtimoli boshqa qon guruhlari egalariga qaraganda 16 foizga yuqori.
Genetika tadqiqotlari insonning qon guruhi va erta insult ehtimoli o‘rtasidagi qiziqarli bog‘liqlikni aniqladi. ScienceAlert nashrining xabar berishicha, Merilend universiteti olimlari ikkinchi qon guruhiga ega odamlarda 60 yoshga qadar insultni boshdan kechirish xavfi yuqori ekanligini aniqlashgan.
Bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar 2022-yilda boshlangan edi. Olimlar A1 kichik guruhi yoshroq insonlarda insult xavfining yuqori bo‘lishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashgandi.
Olimlar 17 ming insultga chalingan bemor va taxminan 600 ming sog‘lom insonlarni qamrab olgan 48 ta genetik tadqiqot natijalarini tahlil qildi. Tadqiqot ishtirokchilarining yoshi 18 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan.
So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ikkinchi qon guruhidagi odamlarda insult ehtimoli boshqa qon guruhlari egalariga qaraganda 16 foizga yuqori. Aksincha, birinchi qon guruhiga ega bo‘lgan odamlarda xavf 12 foizga past bo‘lgan.
Tadqiqot rahbari Stiven Kittnerning ta’kidlashicha, xavfning aniq sabablari hali noma’lum. Uning taxminicha, bu qon ivishining o‘ziga xos xususiyatlari, trombotsitlar yoki tromblar hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi oqsillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Aniq ma’lumotlarni olish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi.