09:20 (26.07.2023)
1786
Xorijdan kelgan qizamiq bilan kasallanganlar bilan aloqada boʼlgan fuqarolarda qizamiq kasalligi aniqlanmoqda.
Jahon Sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʼra emlashdan bosh tortganlar hisobiga, 2023 yilda dunyoda va Yevropa mintaqasida qizamiq boʼyicha epidemiologik vaziyat keskinlashdi.
Ayni paytda Ukrainada 23 070, Serbiyada 4 954, Frantsiyada 2 576, Gretsiyada 2 476, Italiyada 2 020, Rossiyada 1 396, Gruziyada 1 128 holatda qizamiq kasalligi qayd etilgan.
Qoʼshni mamlakatlar Afgʼonistonda 2023 yilning hozirgacha boʼlgan davrida 2 105 holatda, Tojikistonda esa 300 dan ortiq, Qozogʼistonda 169 ta holat qayd etilgan.
Respublikamizda joriy yilning iyul oyi holatiga koʼra, qizamiq kasalligiga shubha qilingan 306 nafar bemorning qon namunalari virusologik laboratoriyaga yuborilgan. Ulardan 164 tasida qizamiq aniqlangan.
Shuni alohida taʼkidlab oʼtish joizki, mamlakatimizda qizamiq bilan kasallanish holatlari asosan xorijdan kelgan qizamiq bilan kasallanganlar bilan aloqada boʼlgan fuqarolar orasida aniqlanmoqda.
Hozirda mamlakatimizda qizamiq boʼyicha epidemiologik vaziyat nazorat ostida boʼlib, qizamiq kasalligiga shubha qilingan shaxslar bilan aloqada boʼlganlar epidemiologik koʼrsatma asosida profilaktik emlash bilan qamrab olinmoqda.