11:01 (12.09.2023)

1880

Prezident "Oʼzbekiston – 2030" strategiyasi toʼgʼrisidagi farmonni imzoladi

Farmon bilan Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan "Oʼzbekiston – 2030" strategiyasi tasdiqlandi.

«Oʼzbekiston – 2030» strategiyasida quyidagi asosiy gʼoyalar aks ettirilgan:

- barqaror iqtisodiy oʼsish orqali daromadi oʼrtachadan yuqori boʼlgan davlatlar qatoridan oʼrin olish;
- aholi talablariga va xalqaro standartlarga toʼliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish;
- aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
- xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;
- mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli taʼminlash.

"Oʼzbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli koʼrsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifa etib belgilandi hamda bu boʼyicha ularning birinchi rahbarlariga shaxsiy masʼuliyat yuklandi.

"Oʼzbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirish boʼyicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Respublika komissiyasi (А.Аripov) zimmasiga:

a) Oʼzbekiston – 2030» strategiyasining toʼliq, oʼz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish, shuningdek, uni amalga oshirish boʼyicha tegishli yillik dasturlarni tayyorlash va ijrosini muvofiqlashtirish;

b) Oʼzbekiston – 2030» strategiyasi doirasidagi islohotlar boʼyicha tadbirlarning aholi tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar asosida sifatli amalga oshirilishi, belgilangan koʼrsatkichlarga erishilishini nazorat qilib, natijasi yuzasidan har yarim yilda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilishini taʼminlash;

v) ikki oy muddatda:
- Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasining joylarda amalga oshirilishi natijalari tanqidiy oʼrganilishini;
- aholi oʼrtasida Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish natijalari keng muhokama qilinishi, fuqarolarning mazkur masala boʼyicha takliflari tizimlashtirilgan holda tahlil etilishini;
- oʼtkazilgan oʼrganishlar natijasiga koʼra, Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni roʼyobga chiqarishga toʼsqinlik qilayotgan tizimli omillarni aniqlash va Oʼzbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish doirasida ularning oldini olish boʼyicha aniq choralar koʼrilishini taʼminlash vazifalari yuklandi.

«Oʼzbekiston – 2030» strategiyasi – xalq strategiyasi» shiori ostida belgilangan islohotlarning izchil, sifatli va oʼz vaqtida bajarilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini oʼrnatish maqsadida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda "Oʼzbekiston – 2030" strategiyasi ijrosining taʼminlanish darajasi, unda belgilangan islohotlarning sifatli amalga oshirilishini aholi tomonidan har bir maqsad va undagi koʼrsatkichlar kesimida baholash, ular yuzasidan oʼz fikrlarini qoldirish va tashabbuslar bildirish imkoniyatini yaratuvchi onlayn portalni ishga tushirishi belgilandi.

Har oyda baholash natijalari va aholidan kelib tushadigan fikr-mulohazalar umumlashtirilib, Respublika komissiyasiga taqdim etib boriladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech