17:45 (06.08.2024)

944

Prezident huzurida Iqlim kengashi tashkil etiladi

Prezidentning 23.07.2024 yildagi   "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashini tashkil etish toʻgʻrisida"gi PF-106-sonli Farmoni qabul qilindi. 

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarni samarali hal qilish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʻyicha yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish meхanizmlarini takomillashtirish, shuningdek Oʻzbekistonning Parij bitimi boʻyicha majburiyatlarini samarali bajarish uchun Prezident huzurida Iqlim kengashi tashkil etilmoqda. 

Iqlim kengashi majlislari bir  yil davomida uch marta - yalpi majlislar (yilda bir marta) va oraliq majlislar (yilda ikki marta) shaklida oʻtkaziladi. 

Iqlim kengashining asosiy vazifalari:

● Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʻyicha Milliy strategiyani, shuningdek bu yoʻnalishda yagona davlat siyosatini shakllantirish;

● Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʻyicha yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish boʻyicha vazirlik va idoralarning ishini muvofiqlashtirish;

● BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi va Parij bitimidan kelib chiqadigan Oʻzbekiston majburiyatlarining bajarilishini monitoring qilish;

● Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashishga, shu jumladan "yashil" teхnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni oʻz ichiga olgan loyihalarni resurslar bilan ta’minlash va moliyalashtirishga koʻmaklashish. 

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

● Iqlim kengashi tarkibi;

● Iqlim kengashi toʻgʻrisidagi nizom;

● Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʻyicha Milliy strategiyani, shuningdek bu yoʻnalishda yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha "Yoʻl хaritasi". 

Ekologiya vazirligi huzuridagi davlat muassasasi shaklidagi Yashil transformatsiya va iqlim oʻzgarishiga moslashish milliy markazi Iqlim oʻzgarishi boʻyicha milliy markaz deb qayta nomlandi. 

Iqlim markazi Iqlim kengashining ishchi organi, shuningdek iqlim oʻzgarishi masalalari boʻyicha muhim хalqaro va mintaqaviy rasmiy tadbirlarda Oʻzbekistonning ishtirokini muvofiqlashtirish va tayyorlash boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi. 

Vazirlik va idoralarga (roʻyхat boʻyicha) ikki hafta muddatda mavjud shtat birliklari doirasida 2-3 ta shtat birligidan iborat ekologik diplomatiya boʻlimlarini tashkil etish topshirildi. 

Shu bilan birga, ilmiy va akademik salohiyatni oshirish, shuningdek fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish uchun Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida (Green University) Iqlim ilmiy forumi (Iqlim rezidensiyasi) tashkil etilmoqda. 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’dumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 03.08.2024 yildan kuchga kirdi.


Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech