14:45 (16.10.2024)

528

O‘lim xavfini 40 foizga kamaytiradi: olimlar bachadon bo‘yni saratonini davolashning yangi usulini taklif qildi

Bunday davolash usuli 10-yil davomida 500 nafar ayolda sinab ko‘rildi va ijobiy natija berdi.

London universiteti kolleji olimlari bachadon bo‘yni saratonini davolashning yangi usulini uch bosqichli klinik sinovlardan o‘tkazdi. Natijalardan ma’lum bo‘lishicha, besh yil davomida ushbu kasallikdan o‘lim xavfi 40 foizga, saratonning qaytalanishi xavfi esa 35 foizga kamaygan.

Bachadon bo‘yni saratonini davolashning yangi sxemasi ushbu kasallikka qarshi kurashda so‘nggi 25-yildagi eng katta yutuqdir, deyiladi xabarda

Davolashning mohiyati nimada?

Yangi muolaja rejasi 10-yil mobaynida Buyuk Britaniya, Meksika, Hindiston, Italiya va Braziliyadan kelgan bemorlarda sinab ko‘rildi. Bu reja bemorlarda bachadon bo‘yni saratonining standart davolash usuli bo‘lgan kimyo-nur terapiyasidan oldin qisqa muddatli kimyoterapiya kursini o‘tkazishni nazarda tutadi (kimyo-nur terapiyasi kimyoterapiya va radioterapiya kombinatsiyasidan iborat).

“Kimyoviy nur terapiyasi joriy etilgan 1999-yildan beri omon qolish ko‘rsatkichlarining eng yuqori darajadagi o‘sishini kuzatdik”, — deb ta’kidladi tadqiqotning yetakchi muallifi Meri MakKormak.

Uning aytishicha, onkologik bemorlarda omon qolish ko‘rsatkichlarini har qanday darajada yaxshilash muhim, ayniqsa, muolaja yaxshi qabul qilinsa va nisbatan qisqa muddatda o‘tkazilsa. Bu ayollarga tezroq odatiy hayotga qaytish imkonini beradi.

Tadqiqot

Tadqiqotda 500 nafar ayol ishtirok etdi. Ular yangi davolash usulini yoki an’anaviy kimyo-nur terapiyasini qabul qilish uchun guruhlarga bo‘lindi. Bemorlarning hech birida o‘sma boshqa a’zolarga tarqalmagani aniqlandi.

Ilmiy tajriba davomida bitta guruhga karboplatin va paklitaksel bilan olti haftalik kimyoterapiyadan iborat yangi rejim berildi. Keyin standart radioterapiya va haftalik sisplatin hamda kimyoviy nur terapiyasi o‘tkazildi. Ikkinchi guruh esa faqat odatiy kimyoviy nur terapiyasini oldi.

Natijalar

Besh yildan so‘ng, dastlab qisqa muddatli kimyoterapiya kursini olganlarning 80 foizi tirik ekani aniqlandi, 72 foizida esa saraton qaytmagan yoki boshqa a’zolarga tarqalmagan. Standart davolash guruhida esa 72 foiz bemor tirik qolgan, 64 foizida saraton qaytmagan va tarqalmagan.

Mutaxassislarning aytishicha, bu arzon va bemorlar uchun tasdiqlangan dori vositalaridan foydalanib, ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning oddiy usulidir.

“Bunday usul allaqachon ba’zi onkologik markazlar tomonidan qabul qilindi. Uni ushbu turdagi saratonni davolash uchun kimyo-nurlanish terapiyasini olayotgan barcha bemorlarga tavsiya etilmaslikka birorta sabab yo‘q”, — deb ta’kidlaydilar tadqiqotchilar.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech