17:50 (12.11.2024)
72
Bugun “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DMda, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda "Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasi mutaxassislari ham ishtirok etishdi.
Uchrashuvda 2025-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradigan farmatsevtika mahsulotlarining postmarketing nazorati va uni qanday tartibda amalga oshirilishi yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.
Farmatsevtika mahsulotlarining postmarketing nazorati - muomaladagi farmatsevtika mahsulotlarining farmatsevtika faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini baholashga doir chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.
Shuningdek, tadbirda markaz masʼullari Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktyabrdagi "Oʻzbekiston Respublikasida alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida" 632-sonli qarori mazmun mohiyati haqida toʻxtalib, alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni tibbiyot amaliyotida qoʻllash, saqlash, ularning noqonuniy muomalasini cheklash, jismoniy shaxslar tomonidan ulardan foydalanish hamda ularni yoʻq qilish tartiblari haqida maʼlumot berdi.
Muloqot davomida tadbirkorlar farmatsevtika mahsulotlari ustidan postmarketing nazorati va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning xavfsiz muomalasini taʼminlash boʻyicha yangi tartib-qoidalar yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Taʼkidlash joizki, mazkur uchrashuv soha vakillari tomonidan yangi qoidalarni oʻz vaqtida va toʻgʻri joriy etish orqali farmatsevtika mahsulotlarining sifatini oshirish hamda xalq salomatligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.