12:09 (12.03.2023)

2574

SSV tizimida qator rahbar xodimlar ishdan olindi

SSV oʼz vazifasiga masʼuliyatsiz yondashgan bir qator rahbar xodimlar lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berdi. Xususan, «O‘zmedimpeks» MChJ direktori, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori, vazirlik investitsiya boshqarmasi boshligʼi hamda boshqa qator masʼullar ishdan ketgan.

11 mart kuni sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov rahbarligida vazirlikning navbatdan tashqari hayʼat yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Tanqidiy ruhda kechgan majlisda tizimdagi qator yoʼnalishlar boʼyicha amalga oshirilgan ishlar, yoʼl qoʼyilgan xato va kamchiliklar chuqur tahlil etildi.

«Taʼkidlanganidek, yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy yordam koʼrsatish sifatini oshirish, bu orqali fuqarolarning tibbiyot tizimidan roziligini taʼminlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Biroq shunga qaramay, tizimda yechimini kutayotgan masalalar, hal qilinishi lozim boʼlgan muammolar yoʼq emas.

Xususan, sohada byurokratik toʼsiqlar, afsuski, hali ham uchrab turibdi. Аyniqsa, aholini sifatli dori-darmon vositalari, tibbiy buyum va jihozlar bilan taʼminlash, tizimda ijro intizomini nazorat qilish borasida qator muammolar mavjud.

Shuningdek, sogʼliqni saqlash yoʼnalishida xalqaro investitsiyalar jalb qilinishini muvofiqlashtirish, bolalar tibbiyotida ilgʼor davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish boʼyicha ishlar ham yetarli darajada tashkil qilinmayapti.

Bu esa sogʼliqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida hanuz zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar yetishmasligini koʼrsatmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Shundan kelib chiqib, berilgan topshiriq va vazifalar hamda qoʼyilgan talablarni oʼz vaqtida bajarmagani sababli «O‘zmedimpeks» MChJ direktori А.Nabiev, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi А.Sharipov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. 

Shuningdek, oʼz yoʼnalishida yetarli natija koʼrsata olmagani bois vazirlikning Dori vositalari va tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʼi X.Gʼanieva hamda yana bir qator masʼullar ham ishdan olingani maʼlum qilindi.

Yigʼilishda vazir А.Inoyatov tibbiyot tizimidagi har bir rahbar oʼz vazifasiga vijdonan yondashishi kerakligini alohida taʼkidlab, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda soha oldida turgan dolzarb masalalarga toʼxtalib oʼtdi.

Shuningdek, sogʼliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʼi bilan Investitsiya va grant loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʼi vazifasini bajarib kelgan N.Rasulov oʼz lavozimidan ozod etildi.

Vazirlik hayʼat yigʼilishida N.Rasulov oʼtgan davr mobaynida davlat sogʼliqni saqlash tizimi muassasalarini jihozlash ishlariga investitsiya va grant mablagʼlarini jalb etish hamda ularni oʼzlashtirish bilan bogʼliq oʼz lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmay kelgani qayd etilgan.

«Bu holat esa davolash-profilaktika muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash va shu orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat koʼrsatish boʼyicha prezident topshiriqlari yetarli darajada taʼminlanmay qolishiga olib kelgan. Bundan tashqari, ushbu masʼul xodim tomonidan ichki mehnat tartibi qoidalari koʼp bor buzilish holatlari kuzatilgan», deydi Yuridik boshqarma boshligʼi Ruslan Muhammadiev.

Shundan kelib chiqib,  N.Rasulov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi  bekor qilindi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech