12:08 (01.08.2023)

1767

SSV: Yurtimizda nuroniylar bepul sogʼlomlashtiriladi

Sogʼliqni saqlash vazirligi yana bir yangi aktsiyani eʼlon qildi. Unga koʼra, joriy yil 1 avgustdan 1 sentyabrgacha yurtimizda “Keksalar salomatligi oyligi” tashkil etiladi.

Bu davrda mamlakatimizdagi nuroniy otaxon va onaxonlar malakali shifokorlar tomonidan oʼzlari istiqomat qilayotgan hududda chuqurlashtirilgan tibbiy koʼrikdan oʼtkaziladi.

Taʼkidlash lozimki, ayni damda yurtimizda 55 yoshdan oshgan 3 million 200 ming nafarga yaqin pensiya yoshidagi nuroniy yurtdoshlarimiz umrguzaronlik qilmoqda. Ularning salomatligini tiklashda, albatta, oʼz vaqtida koʼrsatiladigan sifatli tibbiy xizmatning oʼrni benihoya muhim.

Shu bois ushbu aktsiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq aniqlangan kasalliklar boʼyicha davlat koʼmagida keksalarning sogʼligini mustahkamlash choralari koʼriladi.

Buning uchun dastlab tibbiy tekshiruvdan oʼtkaziladigan nuroniylar roʼyxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.

Shundan soʼng aktsiyaga jalb qilingan keksa yoshli insonlar maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʼtkaziladi.

Tibbiy koʼriklar yakunida:

  • oʼtkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan katta yoshli bemorlardan bir guruhi birlamchi boʼgʼindagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
  • yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor keksa yoshli bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yoʼllanmalar taqdim etiladi.

Oʼz navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar oʼtkaziladi.

Eslatib oʼtamiz, Sogʼliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimiz boʼylab bir qancha salomatlik oyliklari tashkil etildi.

Mazkur sogʼlomlashtirish tadbirlari orqali qishloq xoʼjaligi xodimlari va ularning oila aʼzolari, yoshlar, maktab oʼqituvchilari hamda bogʼcha tarbiyachilari tibbiy tekshiruvdan oʼtkazilib, aniqlangan kasalliklar boʼyicha ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari koʼrildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech