Prezidentning “Toshkent davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʼgʼrisida” qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Toshkent tibbiyot akademiyasining kuzatuv kengashi, Sogʼliqni saqlash vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:
Toshkent tibbiyot akademiyasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti etib qayta tashkil etish;
Universitet tarkibida:
Toshkent tibbiyot akademiyasining Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriya negizida belgilangan tartibda jalb etiladigan byudjetdan tashqari mablagʼlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʼtkaziladigan tanlovlar natijalari boʼyicha ajratiladigan grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan Eksperimental tibbiyot ilmiy-tekshirish institutini tashkil etish;
Toshkent tibbiyot akademiyasining koʼp tarmoqli klinikasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikasi etib qayta tashkil etish.
Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʼnalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
- uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- oʼquv jarayonini amaliy koʼnikmalarni shakllantirishga yoʼnaltirish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʼor pedagogik texnologiyalar, oʼquv dasturlari va innovatsion oʼquv-metodik materiallarni keng joriy etish, klinika va oʼquv bazalari faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uygʼunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
- fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bogʼliqligini taʼminlash;
- xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-oʼqituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qoʼshma taʼlim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish;
- universitet ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-oʼqituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini taʼminlash;
- respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari va qadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlikda tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish boʼyicha xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish;
- universitetni 2025 yilgacha xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar Times Higher Education reytingining Good health and well-being yoʼnalishi boʼyicha birinchi 200 talikdagi oliy taʼlim muassasalari roʼyxatiga kiritish;
- universitet moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, oʼquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash.