08:25 (27.02.2024)

2452

“Аqlli” zirak: tana harorati, yurak urishini oʼlchaydi, uyquni nazorat qiladi

Endilikda aqlli aksessuarlar nafaqat soat yoki uzuk, balki sogʼliqni oʼlchaydigan, jozibali koʼrinishdagi zirak ham boʼlishi mumkin. Vashington universiteti tana haroratini oʼlchaydigan, stress holatini aniqlaydigan va uyqu rejimini tartibga soladigan “aqlli” ziraklar – Thermal earring ni taqdim etdi.

АQSh olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga koʼra, quloqdagi termal koʼrsatkichlar tananing boshqa qismidagi koʼrsatkichlardan koʼra aniqroq boʼlishi isbotlandi.

“Men sogʼligʼimni nazorat qilish uchun aqlli soatlardan foydalanaman, lekin koʼpchilik bunday gadjetlarni taqish noqulay deb hisoblaydi. Masalan, men zirak taqishni yaxshi koʼraman, shuning uchun biz inson qulogʼidan qanday maʼlumotni olishimiz mumkinligi haqida bosh qotira boshladik. Keyinchalik, quloqda tana haroratini oʼlchash qoʼl yoki bilak bilan solishtirganda ancha aniqroq ekani maʼlum boʼldi”, — deydi Shirli Syue, Vashington universiteti aspiranti.

Thermal earring ziraklarining afzalligi shundaki, toʼxtovsiz ishlagan taqdirda uning zaryadi 28 kunga yetadi. Bunday zirakdan foydalanish oson va qulay: u barcha kerakli komponentlar, jumladan Bluetooth moduli bilan jihozlangan. Inson tanasining aniq haroratini oʼlchash uchun ziraklar ikki xil termometrdan iborat: biri quloq boʼshligʼining haroratini, ikkinchisi atrofdagi haroratni oʼlchashga moʼljallangan.

Ushbu aksessuar yanada foydali va serqirra boʼlishi uchun unga yurak parametrlarini oʼlchaydigan maxsus qurilma oʼrnatish ustida izlanish olib borilmoqda. Shuningdek, yaqin kelajakda odatiy batareyani kinetik yoki quyosh batareyalariga almashtirish masalasi koʼrib chiqilmoqda.

“Kelajakda sogʼliqni nazorat qiluvchi zargarlik buyumlari toʼplamini ishlab chiqmoqchiman. Ulardan biri – elektrokardiografiya oʼrnatilgan marjon boʼlib, yurak urishi haqida yaxshiroq maʼlumot olish uchun insonlarga xizmat qiladi degan umiddaman”, qoʼshimcha qildi Shirli Syue.

Kelajakda Vashington universitetining aspiranti “aqlli” zargarlik buyumlarining butun turkumini yaratish niyatida. Hozirda bunday aksessuarlar sotuvi yoʼlga qoʼyilmagan, buning uchun ular turli tadqiqot va tekshiruvlardan oʼtkazilishi lozim.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech