09:40 (15.04.2024)
1543
АOKАda oʼtkazilgan brifingda Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi tomonidan 2024 yilning yanvarь-mart oylarida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Taʼkidlanishicha, farmatsevtika korxonalari tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida 1 trln, 157 mlrd. soʼmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan hamda 37 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilingan.
Investitsiya dasturiga kiritilgan 17 ta loyiha doirasida 25 mln. dollar investitsiya mablagʼlari oʼzlashtirilgan.Umumiy qiymati 6,5 mln. dollarlik 2 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida 250 nafar yangi ish oʼrini yaratilgan.
– Yangi investitsiya loyiha takliflarini ishlab chiqish maqsadida oʼtgan davr davomida Xitoy, Rossiya, Tojikiston, Eron va Turkiyaga xizmat safarlari tashkil etilib, jami 59 ta kompaniya bilan muzokaralar oʼtkazildi, – dedi Аgentlik axborot xizmati rahbari Sevara Toʼlaganova. – Muzokaralar natijasida Xitoy bilan tibbiy buyum va jihozlar hamda tibbiy uskunalarni ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida 41 mln. dollarlik loyihalar Oʼzbekistonda amalga oshirilishiga kelishildi. Shuningdek, Mahalliy ishlab chiqaruvchi «AZIYA IMMUNOPREPARAT» korxonasi tomonidan 10 mln. dollarlik mahsulotlarini Xitoyga eksport qilish boʼyicha shartnoma imzolandi. Tojikiston bilan qiymati 5 mln. dollarlik 2 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishiga kelishildi.
Transfer texnologiyasi asosida Eron kompaniyalari bilan Oʼzbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʼyicha kelishuv imzolandi. Oʼzbekistonda biotexnologiya tizimini yaratish va rivojlantirish maqsadida Tehron tibbiyot fanlari universiteti bilan PhD yoʼnalishidagi mutaxassislarni tayyorlash boʼyicha hamkorlik yoʼlga qoʼyildi.
Shuningdek, «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri sanoat zonasida Turkiya kompaniyasi bilan qiymati 50 mln. dollardan ortiq boʼlgan investitsiya loyihasini amalga oshirishga kelishildi. Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʼzbekistonda ISO: 13485 xalqaro standartlari boʼyicha sertifikatlashtirish organini yaratish boʼyicha kelishuvlarga erishildi.
Qayd etilishicha, «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri sanoat zonasida amalga oshirilayotgan 427 mln. dollarlik 10 ta loyiha ishtirokchilariga aʼzolik guvohnomalari topshirildi. Joriy yilda 65 mln. dollarlik 2 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Klaster hududida qiymati 59 mln. dollarlik 3 ta yangi loyihani amalga oshirish boʼyicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, «Zarur amaliyotlar» (GxP) yoʼnalishida korxonalarda (standartlarni joriy etish uchun) 300 ga yaqin inspektsiyalar amalga oshirildi. Buning natijasida GMP sertifikatiga ega korxonalar soni 42 taga, GDP sertifikatiga ega distribyutor korxonalar soni 177 taga, GPP sertifikatiga ega dorixonalar soni 2 taga yetdi.