14:56 (11.10.2024)

511

Farg‘ona va Namanganda 1 mlrd so‘mlik dori vositalarini qalbakilashtirayotgan jinoiy guruh ushlandi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi va viloyat DXX xodimlari tomonidan Farg‘ona va Namangan viloyatlarida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Matbuot xizmati xabar qildi.

Tezkor tadbir davomida Lacetti avtomobili ko‘zdan kechirilganda, sifatida kafolatlanmagan dori vositalari olib ketilayotganligi aniqlangan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu dori vositalari olingan Qo‘qon shahridagi xonadon va mazkur dorilar sotiladigan dorixona tekshirilgan. Oqibatda xonadonda sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan, dorixonada esa sotilayotgan qalbaki dori vositalari aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur 42 215 dona sifati kafolatlanmagan, qalbaki dorilarning umumiy qiymati 504 mln so‘mni tashkil etgan.

Xonadonda qiymati 128 mln so‘mlik jami 4 turdagi 1030 dona qalbakilashtirilgan dori vositalari va 13 976 dona qalbaki dorilarni tayyorlash uchun dori vositalari qadog‘i, o‘ramlari va yorliqlari borligi aniqlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, dori vositalarini Farg‘ona shahrida qalbakilashtirayotgan shaxs ham ushlangan. Ushbu shaxs tomonidan Namangan viloyatida yashovchi shaxsga qalbakilashtirilayotgan dori vositalarining o‘rami, qadog‘i, qutisi, firma belgisi yo‘riqnomalarini buyurtma berish orqali tayyorlatib, olib kelinganligi ma’lum bo‘lgan. Farg‘ona shahrida ushbu shaxs tomonidan boshqa fuqarolarni jalb qilgan holda "Askorbin kislotasi", "Deksametazon" kabi dorilarning har bir ampulasini 100 so‘m evaziga yozuvlarini o‘zgartirgan. Natijada soxta belgi va yorliqlar qo‘yilib, dori vositalarini qalbakilashtirish orqali boshqa dorilar tayyorlab, dorixonalarda sotib kelingan.

Ta’kidlanishicha, "Peratsetam" dorisi - "Mildronat", "L-lizina essinat" va "Aktovegin" dorilariga, "Deksametazon” dorisi - "Retobalil" dorisiga qalbakilashtirilgan. Qolaversa, tadbir davomida ushbu shaxsning yashash xonadoni tegishli tartibda ko‘zda kechirilgan. Natijada 69 ta qutida jami 6900 dona "Sefuroksim" nomli yaproqlik muddati 2021-yilda tugagan dori vositalari hamda ushbu dorilarni qalbakilashtirish maqsadida 240 dona yo‘riqnoma, 3050 dona dori vositalarining qutilari saqlab kelinayotganligi aniqlandi.

Mazkur tezkor tadbir davomida umumiy qiymati 1 mlrd so‘mlik 46 246 dona qalbaki va sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda 13 976 dona dori vositalarini qalbakilashtirishda foydalaniladigan dorilarning qadog‘i, o‘rami va yo‘riqnomalari daliliy ashyo sifatida olingan.

Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech