09:05 (15.10.2024)
431
Ma’lumki, butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 1993-yildan beri oktyabr oyi ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurashish oyi, deb e’lon qilingan. Bundan tashqari, har yili 15-oktyabr – Butunjahon ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash kuni sifatida belgilangan.
Bu sayyoradagi eng keng tarqalgan saraton turi bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan har yili taxminan 2,3 million yangi holat qayd etiladi. Ayollar orasida o‘lim soni bo‘yicha saratonning bu turi yurak-qon tomir kasalliklaridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Sayyoramizning barcha mintaqalari orasida ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanish AQSH va G‘arbiy Evropada eng yuqori. Rivojlangan mamlakatlarda 1970-yillardan keyin kasallikning keskin o‘sishi qisman turmush tarzining o‘zgarishi bilan bog‘liq deb taxmin qilinadi: oilalarda bolalar tug‘ilishining kamayishi va bolani emizish muddatining qisqarishi. Dunyoda saraton kasalligiga chalinganlar sonining ortishi keksalar sonining ko‘payishi bilan ham bog‘liq.
2021-yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘krak bezi saratoni global tashabbusini boshladi. Uning asosiy maqsadi 2040-yilga kelib yillik o‘lim darajasini 2,5 foizga kamaytirish, bu esa 2,5 million kishining hayotini saqlab qolishga yordam beradi.
JSST bunga faoliyatning uchta asosiy yo‘nalishi: erta aniqlash, o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va kompleks davolash orqali erishish mumkin, deb hisoblaydi. Muntazam ravishda rejalashtirilgan mamogramma va tekshiruvdan o‘tib turish ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga yordam beradi.
Davolash qancha barvaqt boshlansa, kasallikni davolash uchun imkoniyat shuncha ko‘proq bo‘ladi.
Shuningdek, ortiqcha vazn va jismoniy harakatsizlikning oldini olish;
Yomon odatlardan voz kechish;
Sog‘lom ovqatlanishga rioya qilish juda muhim.
Ko‘krak bezi saratonining oldini oling!