10:00 (27.05.2024)

1341

JSST: Kovid tufayli dunyoda oʼrtacha umr koʼrish 1,8 yilga qisqardi

JSSTning maʼlum qilishicha, COVID-19 pandemiyasi tufayli 2019-2021 yillar oraligʼida oʼrtacha umr koʼrish 1,8 yilga qisqargan.

Unga koʼra, COVID-19 pandemiyasi tugʼilish va sogʼlom umr koʼrish davomiyligining progressiv oʼsishi tendentsiyasini salbiy tomonga oʼzgartirgan. Yaʼni oʼrtacha umr koʼrishning oʼn yillik oʼsishi pandemiya tufayli 1,8 yilga qisqarib, 2012 yildagi koʼrsatkichlar darajasiga qaytgan. Oʼz navbatida, sogʼlom umr koʼrish koʼrsatkichi 1,5 yilga qisqarib, 61,9 yoshni tashkil etmoqda, bu ham 2012 yildagi raqamlarga toʼgʼri keladi.

Koronavirusdan eng koʼp zarar koʼrgan mintaqalar Аmerika va Janubi-Sharqiy Osiyo boʼlib, bu hududlarda yuqoridagi koʼrsatkichlar 2019 yildan 2021 yilgacha mos ravishda 3 va 2,5 yilga kamaygan. Shu bilan birga, Gʼarbiy Tinch okeani mintaqasida pandemiyaning umr koʼrish davomiyligi va sogʼlom hayotga taʼsiri sezilarli darajada kamroq boʼlgani qayd etilgan (pasayish mos ravishda 0,1 va 0,2 yilni tashkil etdi).

«Bu koʼrsatkichlar jahon hamjamiyatini taraqqiyot darajasi kutilganidan koʼra moʼrt boʼlishi mumkinligini eslashga chaqirdi. Chunki atigi ikki yil ichida COVID -19 pandemiyasi oʼrtacha umr koʼrishning oʼn yillik oʼsishiga nuqta qoʼydi», deydi JSST Bosh direktori Tedros Аdhanom Gebreyesus.

Tashkilot rahbarining taʼkidlashicha, bu fakt pandemiyaga qarshi kurash boʼyicha yangi kelishuvni ishlab chiqish muhimligini koʼrsatadi. Bu nafaqat global sogʼliqni saqlash xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, sogʼliqni saqlashga uzoq muddatli investitsiyalarni yoʼnaltirish va mamlakatlar oʼrtasidagi tenglikni taʼminlashni talab qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech