12:17 (26.11.2024)
49
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mpox (maymun chechagi) bilan kasallanishning o‘sishi munosabati bilan jahon sog‘liqni saqlash tizimida favqulodda holat rejimi saqlanib qolayotganini tasdiqladi.
Bunday qarorni mpox bo‘yicha favqulodda qo‘mita tarkibiga kiruvchi ekspertlar tavsiyasi asosida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus qabul qildi.
Qo‘mita 22-noyabr kuni maymun chechagi bilan kasallanishning ko‘payishi munosabati bilan joriy yilning avgust oyidan beri ikkinchi marta yig‘ildi. Gebreyesus ekspertlarning ushbu kasallik "xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan jamoat sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat bo‘lib qolayotganligi" haqidagi fikriga qo‘shildi. Bunday xulosaga kelish uchun kasallanganlar sonining o‘sishi va mpox ning davom etayotgan geografik tarqalishi asos bo‘ldi, bu esa "mamlakatlar va hamkorlar" tomonidan muvofiqlashtirilgan javob choralarini ko‘rishni talab qiladi, deb tushuntirdi JSST.
2022-yil boshidan buyon 123 mamlakatda mpox bilan 109 699 holat, shu jumladan 236 o‘lim holati qayd etilgan.
Avvalroq JSST 2022-yil iyul oyida Favqulodda vaziyatlar rejimini joriy etgan, biroq kasallanishning pasayishi tufayli 2023-yil may oyida uni bekor qilgan edi. Joriy yilning avgust oyida Afrikada kasallikning yangi avj olishiga javoban favqulodda holatlar rejimi tiklandi. Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (Africa CDC) Afrikada mpox bilan kasallanganlar soni yillik hisobda 500 foizga oshganini ma’lum qildi.