11:55 (18.07.2024)
1382
Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti bir paytning oʼzida ham gepatit C ham keng turdagi dorilarga yoki rifampitsinga chidamli tuberkulyozdan aziyat chekayotgan bemorlarni davolashga doir tezkor xabarni eʼlon qildi.
Tadqiqotlar davomida tasdiqlanishicha, har ikki xastalikni birgalikda muolaja qilish bir qator afzalliklarga ega. Xususan, bunday terapiya davolash samaradorligini oshirib, kuzatuv ostidagi bemorlar soni kamayishi hamda oʼlim koʼrsatkichlari qisqarishiga xizmat qiladi.
Mazkur jarayonda qisqa yoki uzoq muddatli peroral muolaja kurslaridan foydalanish mumkin. Buning uchun dori vositalarining oʼzaro taʼsiri va bemorning xohish-istaklari inobatga olinishi kerak.
JSST kelgusida ushbu yondashuv asosida sil kasalligini davolashga doir tavsiyalariga tegishli oʼzgartirishlar kiritishni rejalashtirmoqda.
Eslatib oʼtamiz: tuberkulyozning oldini olish va uni toʼliq davolash mumkinligiga qaramay, bu xastalik yer yuzida har yili 1,6 million nafar odamning hayotiga zomin boʼlmoqda. Gepatit esa yuqumli kasalliklar orasida oʼlim holatlari soni boʼyicha dunyoda ikkinchi oʼrinda turadi va yiliga 1,3 million inson shu xastalikdan koʼz yumadi.