09:29 (03.05.2023)

2783

YUNISEF: Uch yilda 48 million bola yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmagan

Tadqiqotlarga koʼra, vaktsinalar yiliga oʼrtacha 4,5 million kishining hayotini saqlab qolishga yordam beradi. Аgar emlash vositalari tanqisligi muammosi bartaraf etilsa, 2030 yilga borib, bu koʼrsatkich yana 30 foizga oshishi mumkin.

Biroq oxirgi yillar, xususan, pandemiya davrida dunyo boʼyicha aholining vaktsinalarga boʼlgan ishonchi pasayib borayotgani xavotirli holat. YuNICEF tomonidan eʼlon qilingan soʼnggi hisobot ushbu muammo tahliliga bagʼishlandi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy soʼrovda ishtirok etgan 55 davlatdan 52 tasida uch yil ichida bolalarni emlashga nisbatan jamoatchilik ishtiyoqi pasaygan.

Hindiston, Vьetnam, Xitoy davlatlarida immunizatsiyaning ahamiyatini yuqori, Yaponiya, Janubiy Koreya va Papua-Yangi Gvineyada esa aksincha past baholashgan.

Yevropa davlatlari oʼrtasida Portugaliya, Shvetsiya va Irlandiya aholisining vaktsinalarga ishonchi baland. Xorvatiya, Latviya va Rossiyada esa buning aksi kuzatilgan.

Shunga qaramay, bolajonlarimiz sogʼligi uchun vaktsinalar zarur, deb hisoblovchilar qatlami 80 foizdan yuqori boʼlib chiqdi.

Hisobotda keltirilishicha, 2019-2021 yillar davomida 48 million nafar oʼgʼil-qiz yuqumli kasalliklarga qarshi vaktsina olmagan. 19 million bola esa toʼliq bosqichda emlanmagan.

Bu, turli epidemiyalar, masalan, 2021-2022 yillarda qizamiq bilan kasallanish koʼrsatkichlari ikki baravar koʼpayishiga sabab boʼldi.

Qolaversa, ekspertlar bemorlar soni ortishi Аfrika va Janubiy Osiyoda vaktsinalar taqchilligi muammosi bilan ham bogʼliq, degan xulosada.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech