09:00 (18.09.2024)
523
Prezidentning 2024 yil 5 sentyabrdagi «Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida infeksiyalarga qarshi kurashish loyihasining teхnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi PQ-310-son qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish» loyihasini oʻz vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ajratilgan qarzdan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha mas’ul ijro etuvchi organ deb belgilandi*.
OTB va OIIB ajratgan qarzni qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq va foizlar, boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq хarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Hujjat bilan OTB va OIIB bilan moliyaviy hamkorlikda «Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish» loyihasi asosiy teхnik-iqtisodiy parametrlari va maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
* – Osiyo taraqqiyot banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida yuqorida koʻrsatilgan loyihani amalga oshirish uchun 10 yillik imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga jami 100 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli qarz ajratilishi boʻyicha kelishuvga erishilgan;
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida loyihani amalga oshirish uchun 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga jami 100 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli qarz ajratilishi boʻyicha qarz bitimi imzolangan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 12 sentyabrdan kuchga kirdi.