17:45 (15.11.2024)
239
AOKAda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Anvarxon Akabirov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi:
Xususan, oʻtgan 10 oy davomida 2,73 trln. soʻmlik dori vositalari, 771 mlrd. soʻmlik tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar hamda 498 mlrd. soʻmlik boshqa turdagi farmatsevtika mahsulotlari, yaʼni, biologik faol qoʻshimchalar va gigiyenik vositalar ishlab chiqarildi.
Korxonalar tomonidan 153,2 mln. AQSH dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Eksportchi korxonalar soni 36 taga ortib, jami 365 tani tashkil etmoqda. Ushbu korxonalar tomonidan 45 ta davlatga mahsulotlar eksport qilinmoqda. Joriy yildan Fransiya, Germaniya, Daniya va Slovakiya davlatlariga mahsulotlarni eksport qilish yoʻlga qoʻyildi.
Farmatsevtika yoʻnalishida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida 147 mln. AQSH dollari mablagʻlar oʻzlashtirildi. Shundan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar – 92 mln. AQSH dollarni tashkil etdi.
Joriy yilning 10 oyida 12 ta loyiha ishga tushirildi, ular doirasida 641 nafar yangi ish oʻrinlari va 145 mlrd. soʻmlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi. Xususan, Xorazm viloyatida qiymati 4 mln. AQSH dollarlik infutsion eritmalar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi;
Samarqand viloyatida qiymati 18 mln. AQSH dollarlik dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi;
Toshkent shahrida qiymati 3 mln. AQSH dollarlik infuzion dori vositalari ishlab chiqarishni kengaytirish loyihalari ishga tushirildi.
Joriy yilda “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining Maʼmuriy binosi ishga tushirildi. Xalqaro Farmatsevtika texnik universiteti oʻz faoliyatini boshlab, ilk talabalarni qabul qildi.
“Tashkent Pharma Park” klasterning sanoat zonasida umumiy qiymati 658 mln. AQSH dollarlik 20 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar uchun Klaster hududidan 77,65 gektar yer maydoni ajratildi.
Klasterda, qiymati 40 mln. AQSH dollarlik ilk yangi loyiha ishga tushirildi va 300 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shuningdek, 51 gektar yer maydonda 607 mln. AQSH dollarlik 18 ta loyihalarni amalga oshirish boʻyicha investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Janubiy Koreyaning Eksimbanki bilan birgalikda “Tashkent Pharma Park” klasterining ilmiy-oʻquv qismini tashkil etish II bosqichi doirasida qiymati 105 mln. AQSH dollarlik bitim imzolandi. Loyihaning I bosqichi doirasida, yaʼni 83,7 mln. AQSH dollarlik Farmatsevtika texnik universiteti binosini qurish loyiha smeta hujjatlari koreyalik maslahatchilar tomonidan ishlab chiqildi. Hozirda quruvchi kompaniyani tanlash boʻyicha tender tanlovlari oʻtkazilmoqda.
Joriy yilda sohadagi korxonalarga xalqaro standartlarni joriy etish ishlarini jadallashtirish maqsadida “Zarur amaliyotlar markazi” Davlat muassasasi xodimlari soni 4 barobar oshirildi.
Buning natijasida joriy yilning 10 oyida 39 ta ishlab chiqaruvchi korxonalarda (shu jumladan, ishlab chiqarish liniyalarida) “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – (GMP)” standarti joriy etildi. GMP standartiga ega korxonalar soni 53 taga, ishlab chiqarish liniyasi soni 87 taga yetdi.
“Zarur distribyutorlik amaliyoti – GDP” standartiga ega tashkilotlar soni 328 taga yetdi. Bu yilning oʻzida 182 ta distribyutorga GDP standarti joriy etildi.
2024-yilda “Zarur dorixona amaliyoti – GPP” standarti boʻyicha dorixonalarni sertifikatlashtirish ishlari boshlanib, bugungi kunda 1 246 ta tarmoqli dorixona sertifikatlashtirishdan oʻtdi. Dorixonalar tomonidan GPP sertifkati uchun jami 5 311 ta ariza topshirildi. Yil yakuniga qadar respublikadagi barcha tarmoqli dorixonalarda GPP standartini joriy etish ishlarini yakunlash belgilangan.