14:45 (30.08.2024)
616
"Kelib chiqishi noma’lum isitma " atamasi klinik amaliyotda tez-tez uchraydigan vaziyatlarni bildiradi. Ba’zida noma’lum kelib chiqadigan isitma sindromi dori ta’siri bilan bog‘liq bo‘lib, dori isitmasi deb ataladi.
Dorilar nojuya reaksiyalarining 3-5% ni isitma tashkil qiladi va ko‘pincha yagona yoki asosiy asoratdir.
Dori isitmasi organizmning qabul qilingan ma’lum preparatlarga nisbatan javob reaksiyasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bundan asosan o‘zboshimchalik bilan, shifokor tavsiyasisiz turli dori-darmonlarni qo‘llovchilar aziyat chekishi ehtimoli katta.
Dori isitmasi preparatni qo‘llashning 7-10-kunlaridan boshlanadi. Asta-sekin o‘sib boruvchi doimiy yoki remitatsion turdagi isitma 39 — 40 darajaga ko‘tariladi va uni keltirib chiqargan dori ichish to‘xtatilgunga qadar davom etadi.
Tana harorati ko‘tarilganda, ko‘pincha titroq kuzatiladi. Qon tarkibida eozinofillar (leykotsitlar) soni ortib ketishi kuzatiladi.
Biroz vaqt o‘tgach, isitma bemorning preparatga yuqori sezuvchanligiga xos bo‘lgan boshqa belgilar bilan birga keladi: qizamiqqa o‘xshash toshma, purpura, katta-katta toshmalar.
Og‘irroq asoratlarning rivojlanishi kamroq uchraydi - fokal nekrozli arterit, eksfoliativ dermatit, gemolitik anemiya, trombotsitopeniya va boshqa reaksiyalar.
Dori isitmasi allergik reaksiya sifatida yoki preparatning organizmga bevosita toksik ta’siri natijasida rivojlanadi.
Isitma uzoq vaqt davomida dori isitmasi sindromining asosiy yoki hatto yagona ko‘rinishi bo‘lishi mumkin. Buning sabablarini o‘rganish uchun bemorning epidemiologik tarixini, uning kasbini, odatlarini va kasallik tarixini qayta ko‘rib chiqish kerak. Bemorni zamonaviy usullardan foydalangan holda takroriy chuqu tekshiruvdan o‘tkazish ham muhimdir.
Dori isitmasini keltirib chiqargan preparatni to‘xtatgach, har doim ham haroratning normallashishi birinchi kunlarda sodir bo‘lmaydi, prekparat organizmdan chiqib ketishi bilan holat yaxshilanib boradi.
Ko‘pincha dori isitma quyidagi dorilar guruhlarini qo‘llashda paydo bo‘ladi:
- mikroblarga qarshi preparatlar ;
- sitostatik dorilar;
- yurak-qon tomir preparatlari;
- markaziy asab tizimiga ta’sir qiluvchi dorilar;
- yallig‘lanishga qarshi dorilar ;
- turli xil dorilar guruhlari, shu jumladan tarkibida yod saqlovchi konrast moddalar, antigistaminlar, klofibrat, allopurinol, levamizol, metoklopramid, simetidin va boshqalar.