09:54 (31.08.2023)
1101
Farmatsevtika sogʻliqni saqlash tizimining muhim tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, ushbu sohaning rivojlanish darajasi aholining hayot sifati koʻrsatkichlariga bevosita taʼsir qiladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ham sohani rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, aholini zarur dori vositalari bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatida 220 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari faoliyat olib bormoqda. Xususan,
87 ta dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar,
37 ta tibbiy texnikalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar,
88 ta tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar,
8 ta dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish va boshqa korxonalar.
2023-yilning yanvar-iyul oylarida umumiy qiymati 2,0 trln. soʻmlik farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlib, yil yakuniga qadar farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 5,2 trln soʻmga yetkazish rejalashtirilgan.
Oʻtgan 7 oy davomida 195 turdagi yangi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Maʼlumotlarga koʻra, stomatologiya, onkologiya, toksikologiya hamda pulmonologiya guruhlariga kiruvchi dori vositalarini mahalliylashtirish darajasi oshgan.
Oʻtgan davr oraligʻida 795,0 mln. dollarlik farmatsevtika mahsulotlari import qilingan. Yaponiya, Shveysariya, Avstriya, Germaniya, Italiya davlatlarida ishlab chiqarilgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning hajmi sezilarli darajada koʻpaygan boʻlib, Hindiston va Xitoy davlatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar importi qisqargan.
7 ta mamlakatga jami 80 mln. dollarlik farmatsevtika mahsulotlari va xizmatlari eksport qilingan boʻlib, yil yakuniga qadar 187,5 mln. dollarlik mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston aholisining yillik ehtiyoji 1500 dan ortiq turdagi umumiy qiymati 1,6 mlrd. dollarlik doriga teng. Yillik talabning qoplanganlik darajasi 2022-yilda 45 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilning yakuniga qadar 55 foizga yetkazish maqsad qilingan.