12:03 (20.09.2023)

1701

Ijtimoiy tarmoqlarda 4 ming 500 dan ortiq reklamalar yuzasidan oʼrganishlar oʼtkazilgan

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʼmitasining asosiy faoliyat yoʼnalishlaridan biri bu – reklama bozorini tartibga solishdan iborat.

Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʼmitasi raisi oʼrinbosari Аsadulla Qayumov ishtirokida brifing tashkil etildi.

Unda sohaga oid maʼlumotlar taqdim etildi. Qayd etilishicha, nazorat va profilaktika tadbirlari oʼtgan yillarga nisbatan oshirilishi hisobiga, huquqbuzarliklar soni va darajasini kamaytirishga erishilmoqda. Jumladan, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda, tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan (tarqatilgan) reklamalarning qonunchilik hujjatlariga mosligi yuzasidan jami 24 mingdan ortiq oʼrganishlar oʼtkazildi.

Soʼnggi yillarda ommalashib borayotgan axborot almashish va tarqatish manbai hisoblangan ijtimoiy tarmoqlarda 4 ming 500 dan ortiq reklamalar yuzasidan oʼrganishlar oʼtkazilgan, shundan (Facebook – 144 ta, Instagram – 344 ta, Telegram – 4 ming 108 ta) qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilgan. Isteʼmolchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida ovqatga qoʼshiladigan biologik faol qoʼshimchalarning va oziq-ovqat qoʼshimchalari reklamasini nazorat qilish boʼyicha Sogʼliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlik yoʼlga qoʼyilgan.

Maʼlumki, reklama faoliyati Oʼzbekiston Respublikasining “Reklama toʼgʼrisida”gi qonuni va boshqa (10 ga yaqin) normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qoʼmita reklama bozorini tartibga solishni nafaqat nazorat funktsiyalari orqali, balki tushuntirish va profilaktika oʼtkazish, qonunbuzilish holatlarining oldini olish va tezkor bartaraf etish choralarini koʼrish yoʼli bilan amalga oshirishga koʼproq eʼtibor qaratgan.

Qoʼmita tomonidan biologik faol qoʼshimchalar, malhamlar, surtmalar, balьzamlar, damlamalar, shifobaxsh va maʼdanli suvlarning reklamasida qayd etilgan xususiyati yuzasidan Sogʼliqni saqlash vazirligidan 150 dan ortiq holat boʼyicha eskpert xulosasi olinib, 103 ta holat boʼyicha kamchiliklar bartaraf etilgan.

Shuningdek, reklamaga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tezkor choralar koʼrish maqsadida bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targʼib qiluvchi saytlarga kirishni bloklash choralari koʼrilmoqda. Olib borilgan ishlar natijasida bukmekerlik xizmatlarini targʼib qiluvchi 92 ta veb-saytni bloklash boʼyicha АOKАga takliflar kiritilgan boʼlib, shundan 27 ta sayt bloklangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda estrada yulduzlari, sportchilar va blogerlar tomonidan totalizatorlar va bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish holatlari boʼyicha ichki ishlar organlariga 11ta tegishli mazmundagi xat taqdim etilgan.

Mutaxassisga koʼra, qoʼmita tegishli masʼul idoralar bilan birgalikda respublikamizda mavjud tashqi reklama obʼektlaridagi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini oʼrganish yuzasidan jami 9 mingdan ortiq monitoring oʼtkazgan. Shundan, 3 mingdan ortiq (35 foiz) reklamalar davlat tili qoidalariga muvofiq emasligi aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari koʼrilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech