10:42 (11.09.2024)
679
“Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-311-son, 05.09.2024-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, davlat tibbiy sugʻurtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish va dori vositalarini taqdim etish Davlat byudjetiga toʻlanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan davlat tibbiy sugʻurtasi uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi, jumladan:
— davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari tasdiqlanadi va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan taqdim etiladi;
— kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy koʻriklardan oʻtish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi;
— shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi (reimbursatsiya dasturi);
— tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni oʻz ichiga oluvchi “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi hamda ishga tushiriladi;
— kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni koʻrsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi;
— tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida tibbiy yordam koʻrsatishda kasallikning ogʻirlik darajasidan kelib chiqib, bepul davolanadigan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi;
— imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor koʻrsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yoʻllanma asosida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul davolanadi.